Istiqbolli loyihalar milliy agentligi to‘rtta sug‘urta tashkilotiga 156,5 mln so‘m jarima soldi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati maʼlum qildi.
ILMA moliyaviy ko‘rsatkichlarni o‘rganish paytida qonunchilikda belgilangan meʼyorlarga mos kelmaslik holatlarini aniqladi. Qoidabuzarliklar Global Insurance Group, Semurg Insurance, Alskom va Inson kompaniyalarida qayd etilgan.
Agentlik qaroriga ko‘ra, eng katta jarima Alskom‘ga solingan — 50 mln so‘m. Yana 40 mln so‘mni Inson, 35 mln so‘mni Global Insurance Group va 31,5 mln so‘mni Semurg to‘lashi lozim bo‘ladi.
Bundan tashqari, ILMA Global Insurance Group litsenziyasining amal qilishini 10 kunga to‘xtatib qo‘ydi. Bu muddat davomida kompaniyaga yangi sug‘urta va qayta sug‘urta shartnomalarini tuzish yoki amaldagilarini uzaytirish taqiqlanadi.
Kompaniya ilgari tuzilgan shartnomalar bo‘yicha olgan majburiyatlarini bajarishi shart. Regulyator fuqarolarni barcha kamchiliklar bartaraf etilmaguncha sug‘urta shartnomalarini rasmiylashtirmaslikka chaqirdi.
Shuningdek, Semurg insurance‘ga tegishli litsenziyaning majburiy sug‘urta faoliyatini amalga oshirish qismi bekor qilindi. Kompaniya litsenziyasi umumiy sug‘urta sohasida ixtiyoriy sug‘urta faoliyatini amalga oshirish uchun o‘zgartirildi.
Bunga kompaniyaning 1-oktabrdan umumiy sug‘urta sohasida majburiy sug‘urta turlari bilan faoliyat yuritish uchun 50 mlrd so‘m miqdorida ustav kapitalini shakllantirmagani sabab bo‘lgan.
Avvalroq Spot ILMA qimmatli qog‘ozlar bozoridagi huquqbuzarliklarni tekshirish uchun javobgar bo‘lishi haqida yozgandi.