O‘zbekistonda kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan muddatdan bir necha oy oldin amalga oshirilmoqda. Bu haqda 6-oktabr kuni Jizzax viloyatining Forish tumanidagi AES joylashadigan maydonga uyushtirilgan press-tur davomida AES qurilishi direksiyasi rahbari Abdujamil Kalmuratov ma’lum qildi.
Hozirda ushbu hududda kichik AES uchun kotlovan qazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ishlarni joriy hafta — 9−10 oktabr kunlari boshlash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Enter Engineering kompaniyasi konstruksiyalarni dastlabki yig‘ish uchun qurilish-montaj bazasi, materiallar omborlari va beton aralashtirish uzellarini qurmoqda.
“Rejaga ko‘ra, biz [tayyorgarlik ishlarini] dekabr oxiri — yanvar boshlarida boshlashimiz kerak edi. Ba’zi ishlar jadvaldan ikki, uch va hatto besh oy oldinda bormoqda. Biz tezlashtirilgan jadval asosida ishlayapmiz”, — dedi AES qurilishi direksiyasi rahbari.
Jizzax viloyatidagi AES joylashadigan maydon. Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Kalmuratovning ta’kidlashicha, qurilishning tezlashishi sifatga ta’sir qilmasligi kerak. O‘zbekiston loyihaning tezroq amalga oshirilishidan manfaatdor, biroq barcha texnik yechimlar bosh pudratchi — Rosatom va loyihachi bilan kelishilib, ularning roziligi olinmoqda. “Biz allaqachon jadvaldan oldindamiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Direksiya rahbarining ta’kidlashicha, ishlarning jadallashuvi loyiha muddatlarini optimallashtirish va xarajatlarni, jumladan, avtoparkni saqlash va obyektlar ekspluatatsiyasini qisqartirish imkonini beradi.
Mart oyida O‘zatom direktori Azim Axmedxo‘jayev kichik AES qurilishi bo‘yicha ishlar jadvaldan oldinda borayotganini ma’lum qilgandi. Dastlab birinchi betonni quyish 2026-yilning aprel-iyun oylariga rejalashtirilgan bo‘lsa, bu muddat undan oldinroqqa — keyingi yilning mart oyiga ko‘chirildi.
Avvalroq Spot Enter Engineering O‘zbekistonda AES qurilishiga tayyorgarlik ko‘rish uchun subpudratchi sifatida tanlangani haqida yozgandi.