O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari joriy yilning noyabr-dekabr oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu haqda 6-oktabr kuni Jizzax viloyatining Forish tumanidagi AES joylashadigan hududga uyushtirilgan press-tur davomida AES qurilishi direksiyasi rahbari Abdujamil Kalmuratov ma’lum qildi.

AES qurilishi maydoni 2018-yildan beri ekologik jihatdan o‘rganib kelinmoqda. Loyiha doirasida flora va fauna holati, yer osti suvlari va atmosfera havosi bo‘yicha xulosalar olingan. Shuningdek, meteorologik va seysmologik maʼlumotlar tahlil qilindi. O‘zatom atrof-muhitga taʼsirni baholash bo‘yicha xulosa olish uchun loyiha institutlarini jalb etdi.

Kalmuratov jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazishga tayyorgarlik haqida qayd etdi. Uning aytishicha, eshituvlar Ekologiya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan tartibga muvofiq noyabr-dekabr oylarida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Unda Jizzax viloyati hokimligi vakillari ham ishtirok etadi.

Jamoatchilik eshituvlari savol-javob shaklida olib borilib, yakunda ovoz berish jarayoni o‘tkaziladi. Unda barcha xohlovchilar, jumladan jurnalistlar va xorijiy mamlakatlar vakillari ham ishtirok etishlari mumkin.

Direksiya rahbari jamoatchilik eshituvlari natijalariga ko‘ra Rosatom bilan AES qurilishi bo‘yicha shartnomani bekor qilish ehtimoli haqidagi savolga javob berar ekan, hujjatga o‘zgartirishlar kiritish mumkinligini bildirdi.

“Gap shartnomani bekor qilish haqida emas. Eshituvlarda loyihaning atrof-muhitga taʼsiri muhokama qilinadi. Shartnoma yoki loyihaga o‘zgartirishlar kiritish — ha, bo‘lishi mumkin?”, — dedi u.

Abdujamil Kalmuratovning tushuntirishicha, AES qurilishi loyihasi tijoriy emas, balki ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatga ega. “Bu butun iqtisodiyotni o‘z ortidan ergashtiruvchi yetakchi loyihadir”, — deya xulosa qildi u.

Sentabr oyida O‘zatom direktori Azim Axmedxo‘jayev O‘zbekistonda atom elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari yaqin orada boshlanishi rejalashtirilayotganini maʼlum qilgandi. “Jamoatchilik fikrini hisobga olmasdan biz oldinga siljiy olmaymiz”, — degan edi u.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda kichik AES qurilishi jadvaldan bir necha oy oldinda borayotgani haqida yozgandi.