Tesla kompaniyasi elektromobillarining “eng arzon” modifikatsiyalarini taqdim etdi. Bu haqda The Verge xabar bermoqda.
Standard versiyasi avtomobil ishlab chiqaruvchisining ikkita modeli — Model Y krossoveri va Model 3 ixcham sedani uchun mavjud. Mashinalar uchun buyurtmalar hozirdan qabul qilinmoqda, yetkazib berish esa joriy yilning dekabr oyida boshlanishi kerak.
AQShdagi xaridorlar uchun Tesla Model 3 Standard narxi $37 mingdan, Model Y Standard esa $40 mingdan boshlanadi. Mashinalar uchta rangda mavjud: kulrang, oq va qora.
Ishlab chiqaruvchi ikkala Standard modeli uchun 321 mil (515 km) masofani bosib o‘tishni va’da qilmoqda. Batareya sig‘imi standart modifikatsiyalarga nisbatan kamayganiga qaramay, avtomobillar “maksimal samaradorlik” uchun moslashtirilgan.
Avtomobillar 15,4 dyuym (39,1 sm) diagonalli multimedia ekrani, Grok ovozli yordamchisi, old o‘rindiqlar va rulning isitish tizimi bilan jihozlangan.
Shu bilan birga, narxni pasaytirish maqsadida kompaniya panoramali tom, ko‘zgularni yig‘ish tizimi va orqa o‘rindiqlar uchun displey kabi qo‘shimcha funksiyalarni olib tashlagan.
Reuters nashrining ta’kidlashicha, budjet modifikatsiyasi Tesla savdosini rag‘batlantirishi kerak. Yevropa va Xitoy brendlari tomonidan kuchayib borayotgan raqobat, shuningdek, AQShda elektromobillarni xarid qilish uchun soliq imtiyozlarining bekor qilinishi natijasida kompaniya mahsulotlariga bo‘lgan talab kamaygan.
2020-yilda Tesla rahbari Ilon Mask keng xaridorlar doirasi uchun arzon elektromobil modelini yaratish rejalarini ma’lum qilgan edi.
Shuningdek, tadbirkor 2023-yil noyabr oyida 25 ming yevrolik elektromobil ishlab chiqarishni boshlash kutilayotganini aytgan. Biroq, 2024-yil bahorida kompaniya arzon elektromobil rejasini robotaksi foydasiga kechiktirgani ma’lum bo‘ldi.
Avvalroq Spot Tesla kompaniyasi reklamadagi yolg‘on uchun sudga berilgani haqida yozgandi.
Da’vogarlarning fikricha, avtomobil ishlab chiqaruvchisi o‘z elektromobillarining imkoniyatlarini bo‘rttirib ko‘rsatgan.