Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida elektrosamokat va elektroskuterlar harakati taqiqlandi. Mazkur qaror shahar xalq deputatlari majlisi qarori asosida qabul qilingan.
“2030-yilgacha elektrosamokat, elektroskuter va boshqa shaxsiy transport vositalarining (davlat ro‘yxatidan o‘tganlari mustasno) avtomobil yo‘llari va piyodalar hududida harakati vaqtincha taqiqlanadi”, — deyiladi xabarda.
Tojikiston IIVning Dushanbe shahri bo‘yicha boshqarmasi tomonidan ma’lum qilishicha, cheklov maxsus ajratilgan joylardan tashqari Dushanbening barcha hududlariga tatbiq etiladi. Biroq, bu maxsus joylar qaysi ekanligiga aniqlik kiritilmagan.
Ushbu qaror elektroskuter va elektrosamokatlardan tartibsiz foydalanishni tartibga solish, ular ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari sonini kamaytirish, transport vositalari va piyodalar harakatiga to‘sqinlik qilmaslik, shuningdek, yo‘l harakati barcha ishtirokchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida qabul qilingan.
Cheklov bunday transport vositalaridan xavfsiz foydalanish uchun zarur infratuzilma yaratilgunga qadar amal qiladi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda moped va skuterlarni haydovchilik guvohnomasi va ro‘yxatdan o‘tkazmasdan boshqarish taqiqlanishi haqida yozgandi.
Vazirlar Mahkamasi aprel oyida moped va skuterlarni ro‘yxatdan o‘tkazish muddatini 30-sentabrgacha uzaytirgandi. 1-oktabrdan ushbu transport vositalari davlat raqamiga ega bo‘lishi shart. Bundan tashqari, haydovchilar uchun “A” toifali haydovchilik guvohnomasi majburiy bo‘ladi.
Moped yoki skuterni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etish kerak:
- shaxsini tasdiqlovchi hujjat va ishonchnoma;
- belgilangan namunadagi arizasi;
- texnik tavsiflar aks ettirilgan savdo tashkilotlari (agar mavjud bo‘lsa);
- unga bo‘lgan mulkiy va boshqa ashyoviy huquqlarni tasdiqlovchi hujjat yoki xarid qilinganligini tasdiqlovchi hujjat (agar mavjud bo‘lsa);
- moped yoki skuterni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda ularga davlat raqami belgilarini va guvohnomalarni berish uchun to‘lovlar to‘langanligini tasdiqlovchi kvitansiya (elektron to‘lov tizimlar orqali to‘lov amalga oshirilgan hollar bundan mustasno).