Qozog‘istonda suyultirilgan gaz eksportiga qo‘yilgan taqiq uzaytirildi, deb xabar bermoqda Tengrinews.kz.

Bunda avtomobil va temir yo‘l transportida suyultirilgan neft gazini olib chiqishga qo‘yilgan taqiq olti oyga uzaytirildi.

Bunday qaror bosh vazir o‘rinbosari — milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarin raisligida Tashqi savdo masalalari bo‘yicha idoralararo komissiya yig‘ilishida qabul qilindi.

Ushbu chora ichki talab va narxlar barqarorligini ta’minlashga qaratilgan. Rasmiylarning ta’kidlashicha, bu qaror suyultirilgan gazdan yoqilg‘i sifatida foydalanadigan avtomobillar sonining ko‘payishi va uning yuqori ijtimoiy ahamiyati bilan bog‘liq.

Energetika vaziri Yerlan Akkenjenovning qarori bilan 2025-yil 14-maydan boshlab olti oy davomida suyultirilgan gaz va butanni chetga chiqarish taqiqlangan edi.

Bundan oldin xuddi shunday taqiq 2024-yil 14-noyabrdan olti oyga, undan avval esa 2024-yil 2-maydan joriy etilgan edi. Shuningdek, Qozog‘istonda benzin, dizel yoqilg‘isi va ayrim turdagi neft mahsulotlarini mamlakatdan tashqariga olib chiqish ham taqiqlangan.


Avvalroq Spot Rossiya benzin eksportiga qo‘yilgan to‘liq taqiqni ikki oyga uzaytirgani haqida yozgandi.

Sentabr oyida taqiq barcha eksportchilarga tatbiq etiladi. Oktabrda esa benzin ishlab chiqaruvchilar uchun cheklovlar bekor qilinadi.