O‘zbekiston 2026-yilning mart oyigacha Rossiya bilan yirik atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha shartnoma tuzishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 6-oktabr kuni Jizzax viloyatining Forish tumanidagi AES joylashadigan hududga uyushtirilgan press-tur davomida AES qurilishi direksiyasi rahbari Abdujamil Kalmuratov ma’lum qildi.

“Biz shartnomani 2026-yilning birinchi choragi oxirigacha imzolashni mo‘ljallayapmiz. Bu uzoq, nozik va batafsil jarayondir. Mahalliylashtirish hajmini hisobga olishimiz, kim, qayerdan va qanday mahsulot yetkazib berishini, mahalliy ishlab chiqaruvchilar kerakli hajmni taʼminlay oladimi yoki muqobil variantlar izlashga to‘g‘ri keladimi, shularni aniqlab olishimiz lozim. Logistikani puxta hisob-kitob qilish kerak. Bu yerda mahalliy ishlab chiqaruvchidan tortib mahalliy ishchigacha — barchasi eʼtiborga olinadi”, — dedi u.

Abdujamil Kalmuratov loyihaning bosh pudratchisi bo‘lgan Rosatom davlat korporatsiyasi bilan ishchi kuchining kamida 70% ini mahalliy ishchilar tashkil etishi bo‘yicha “prinsipial kelishuv” mavjudligini taʼkidladi. Bu esa Jizzax viloyatining butun bir tumanini ish bilan taʼminlash imkonini beradi. Qurilishga jami 20 ming kishi jalb qilinadi.

Direksiyasi rahbari buning natijasida loyiha Aydarko‘l sohilida ijtimoiy infratuzilmani, jumladan, maktab va bolalar bog‘chalari, xizmat ko‘rsatish, savdo va turizm sohalarini rivojlantirishni rag‘batlantirishini qo‘shimcha qildi.

Sentabr oyida O‘zatom va Rosatom O‘zbekistondagi AES loyihasining ikkita katta quvvatli energoblok va ikkita kichik quvvatli atom stansiyasi (KQAS) blokidan iborat yangi konfiguratsiyasini ishlab chiqishga kelishib olgandi.

Tomonlar loyiha tarkibiga VVER-1000 3+ avlodiga asoslangan ikkita yuqori quvvatli energoblok va har biri 55 MVt quvvatga ega bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiritilishiga kelishib oldilar.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda kichik AES qurilishi jadvaldan bir necha oy oldinda borayotgani haqida yozgandi.