O‘zbekistondagi kichik quvvatli AES qiymati $1 mlrddan kamroqni tashkil etadi. Bu haqda 6-oktabr kuni Jizzax viloyatining Forish tumanidagi AES joylashadigan hududga uyushtirilgan press-tur davomida AES qurilishi direksiyasi rahbari Abdujamil Kalmuratov ma’lum qildi.
U bo‘lajak AES maydonidagi tayyorgarlik ishlarini moliyalashtirish manbasi haqidagi savolga javob berib, loyiha davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotganini qayd etdi.
“Ha, bu davlat budjeti. Buni davlat quryapti — bu to‘liq O‘zbekiston loyihasi. Moliyalashtirish manbai — bizning budjetimiz. Atom loyihasi milliy bo‘lishi kerak”, — dedi direksiya rahbari.
AES loyihasining yakuniy qiymati shartnoma tuzilgandan so‘ng ma’lum bo‘ladi.
Abdujamil Kalmuratovning aytishicha, loyiha qiymatining qariyb 60%i qurilishning birinchi bosqichiga to‘g‘ri keladi, qolgan qismi esa reaktor turiga qarab 25% dan 40% gachani tashkil etadi. U kichik AES reaktorlari sonini oltitadan ikkitaga qisqartirish loyihaning umumiy qiymatini uch baravar kamaytirmasligini ta’kidladi.
“Bu yerda shunchaki uchga bo‘lib bo‘lmaydi. Aksincha, bu qiymatning taxminan yarmi, ya’ni avvalgi qiymatning yarmidan sal ko‘prog‘i. Ammo [katta AES] bilan integratsiya tufayli umumiy qiymat yana pasayadi”, — dedi u va kichik AES qiymati $1 mlrddan kamroq bo‘lishini tasdiqladi.
AES qurilishi direksiyasi rahbari batafsil tafsilotlarni keltirmadi, chunki yakuniy hisob-kitoblar katta AES bilan integratsiyadan keyin amalga oshiriladi. “Yakuniy shartnomada aniq narx ko‘rsatiladi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Avvalroq AES qurilishi bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari noyabr-dekabr oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi.