Avvalroq Spot Toshkentning Shota Rustaveli ko‘chasida markaziy avtobus yo‘lagida avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.
Poytaxt transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, 126, 98 va 67-sonli avtobus yo‘nalishlari ko‘chadagi markaziy avtobus yo‘lagi orqali harakatni boshlaydi.
Ushbu avtobus harakatlari 12-oktabrdan tiklanadi.
7-oktabrdan ushbu ko‘chada ishga tushgan BRT (Bus rapid transit — tezyurar avtobus transporti) tipidagi yo‘lakda 38-, 57- va 58-sonli yo‘nalishlar harakati boshlangandi.
Shota Rustaveli ko‘chasi haqida
Shota Rustaveli ko‘chasining Grand Mir mehmonxonasi bilan kesishmasidan Bobur ko‘chasigacha bo‘lgan qismi rekonstruksiya ishlari sababli 2−25-avgust kunlari avtomobillar uchun yopilgan edi.
May oyida Toshkent shahar hokimligi Shota Rustaveli ko‘chasini kompleks rekonstruksiya qilish loyihasini taqdim etgan edi. U Yangi Sergeli — Shota Rustaveli — Shahrisabz — Amir Temur transport yo‘lagining bir qismi hisoblanadi.
Yozning uch oyiga mo‘ljallangan qurilish ishlari Mirobod ko‘chasi bilan kesishgan chorrahadan (Grand Mir mehmonxonasi yonidagi aylana) Choshtepa ko‘chasi bilan kesishgan chorrahagacha bo‘lgan 6,5 kilometrlik hududni qamrab olishi, yo‘lakning boshqa qismlarini rekonstruksiya qilish ishlarini yil oxiriga qadar yakunlash rejalashtirilgani maʼlum qilingan edi.
Yo‘lakni rekonstruksiya qilish qiymati taxminan $50 mlnni tashkil etadi.
23-sentabr kuni Shota Rustaveli ko‘chasining Shahrisabz ko‘chasidan Cho‘pon ota ko‘chasigacha bo‘lgan qismi transport harakati uchun ochildi.
Spot, bundan avval, Shota Rustavelida harakalanuvchi yo‘lovchi va haydovchilar uchun qo‘llanma eʼlon qilgandi.