O‘zbekistonda Yadro tibbiyoti markazini tashkil etish loyihasiga start berildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

9-oktabr kuni Dushanbeda o‘tayotgan Markaziy Osiyo-Rossiya va MDH sammitlari doirasida O‘zbekistonda atomdan tinch maqsadlarda foydalanish bo‘yicha yirik loyihalarni boshlashga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

Uning doirasida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida Yadro tibbiyoti markazini tashkil etish loyihasiga start berilib, Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov, S.Berezin nomidagi tibbiyot instituti boshqaruv raisi Arkadiy Stolpner ishtirokida tamal toshi qo‘yildi.

O‘zatom agentligining ma’lum qilishicha, Yadro tibbiyot markazi birinchi bosqichda “Gamma-pichoq” va “Kiber-pichoq” qurilmalari yordamida shishlarni invaziv bo‘lmagan usulda davolashni joriy qiladi. Markazda radiofarmpreparatlar laboratoriyasi tashkil etiladi.

Bundan tashqari, markazda radiologiya, tibbiy fizika va radioximiya bo‘yicha mutaxassislar uchun 100 dan ortiq yuqori texnologiyali ish o‘rinlari yaratiladi.

2025−2026-yillarda markaz birinchi bosqichda zamonaviy jihozlar bilan ta‘minlanib, pozitron-emission tomografiya (PET/KT), siklotron majmuasi va radiofarmpreparatlar laboratoriyasi bilan jihozlangan yadro diagnostika markazi tashkil etiladi.

Keyingi bosqichlarda radionuklid va proton terapiyasini joriy etish rejalashtirilgan. Markazda muhandislik, geologik, ekologik va boshqa loyihaoldi tadqiqotlar amalga oshirildi.

Spot avvalroq ushbu markaz ochilishi 2026-yilga rejalashtirilayotgani haqida yozgandi. Loyiha S.Berezin tibbiyot instituti ishtirokida investitsiya kiritish formatida amalga oshiriladi, obyektning umumiy maydoni esa 12 ming kv.metrni tashkil etadi.

Markaz faoliyati natijasida yiliga 8 ming nafar bemorda kasallikni ilk bosqichdayoq aniqlash imkoni bo‘ladi. Bu esa to‘liq shifo topish ehtimolini bir necha barobar oshiradi. Shu bilan birga, mamlakatda tibbiy turizm rivojlantiriladi.

Joriy yilning iyunida O‘zatom va S. Berezin nomidagi tibbiyot instituti o‘rtasida O‘zbekistonda Yadro tibbiyoti markazini tashkil etish loyihasini amalga oshirishning asosiy shartlari to‘g‘risidagi bitim imzolangandi.

Avvalroq ixtisoslashtirilgan klinikalar boshqaruviga professional menejerlar jalb qilinishi haqida xabar berilgandi. Prezident beshta markazni xorijdagi nufuzli klinikalar boshqaruviga berish imkoniyatini o‘rganish yuzasidan topshiriq berdi.