UzPost (O‘zbekiston pochtasi) milliy pochta aloqa operatori xususiylashtirildi. Bu haqda turli mustaqil manbalarga tayangan holda iqtisodchi Otabek Bakirov xabar berdi.
Uning qayd etishicha, kompaniya davlat ulushini “shimoliy marketpleyslardan biri” sotib olgan. Bakirov Rossiyaning onlayn platformalaridan birini nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.
Vaziyatdan xabardor manba Spot’ga UzPost xususiylashtirilganini tasdiqladi. Biroq, sotib olingan paket hajmi ochiqlanmadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston pochtasini Wildberries marketpleysi sotib olgani haqida xabarlar tarqaldi.
Material e’lon qilingan vaqtda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ham, UzPost pochta operatori ham xususiylashtirish to‘g‘risidagi ma’lumotga rasman izoh bermagan.
Iyun oyida UzPost’da affillangan shaxslar ro‘yxatida o‘zgarishlar kuzatildi. Xususan, Aloqabank, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda ustav kapitalida 20% dan ortiq ulush Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar undan chiqarildi.
Ularning o‘rniga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va ustav kapitalida 20% dan ortiq ulushga ega bo‘lgan yuridik kompaniyalar, shuningdek, Milliy investitsiya jamg‘armasi affillangan shaxslar ro‘yxatini to‘ldirdi. Uchala yangi shaxs ham UzPost aksiyalarining 20 va undan ortiq foiziga egalik qiladi.
Sentabr oyida dastlab Milliy investitsiya jamg‘armasiga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan UzPost’ning 25% lik ulushi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazildi.
Avvalroq Spot Anadolu Isuzu SamAuto’ning 75,2% davlat ulushini $80 mlnga sotib olishi haqida xabar berilgandi. Bitimdan tashqari, Turkiya kompaniyasi katta sig‘imli avtobuslar va elektrobuslar ishlab chiqarishga $80 mln sarmoya kiritadi.