Iqtisodiyot bo‘yicha joriy yilgi Nobel mukofoti “innovatsiyalarga asoslangan iqtisodiy o‘sishni tushuntirgan” olimlarga berildi.

Shvetsiya Qirollik Fanlar akademiyasi 2025-yilda Shvetsiya Riksbankining iqtisodiy fanlar bo‘yicha Alfred Nobel xotirasiga bag‘ishlangan mukofotini Joel Mokir (Niderlandiya), Filipp Aghion (Fransiya) va Piter Xauittga (Kanada) berishga qaror qildi.

Mukofotning yarmi “texnologik taraqqiyot orqali barqaror o‘sishning shart-sharoitlarini aniqlagani uchun Joel Mokirga berilsa, qolgan qismi esa “ijodiy buzg‘unchilik orqali barqaror o‘sish nazariyasi uchun” Filipp Agion va Piter Xauittga berildi.

Sovrin miqdori 11 mln shved kronasini ($1,15 mlndan ortiq) tashkil etadi. Nobel qo‘mitasida qayd etililishicha, Joel Mokir, Filipp Aghion va Piter Xauitt innovatsiyalar keyingi taraqqiyot uchun qanday asos bo‘lishini tushuntiradilar.

Joel Mokir — 1946-yilda Niderlandiyaning Leyden shahrida tug‘ilgan. AQShning Northwestern University professori. U barqaror o‘sishning yangi me’yorga aylanish sabablarini ochish uchun tarixiy manbalardan foydalangan.

Mokir innovatsiyalar o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladigan jarayonda bir-birining o‘rnini bosishi kerak bo‘lsa, biror narsa ishlayotganini bilish bilan birga, uning ilmiy izohlariga ega bo‘lish kerakligini ko‘rsatadi. Shuningdek, Joel Mokir jamiyatning yangi g‘oyalarga ochiq bo‘lishi va o‘zgarishlarga yo‘l qo‘yishi muhimligini ta’kidladi.

Filipp Aghion 1956-yilda Fransiyaning Parij shahrida tug‘ilgan. Buyuk Britaniyadagi Fransiya va London Iqtisodiyot va siyosatshunoslik maktabi professori. Piter Xauitt esa 1946-yilda Kanadada tug‘ilgan. AQShning Braun universiteti professoridir.

Ular ham barqaror o‘sish mexanizmlarini o‘rganishgan. 1992-yildagi maqolada ular ijodiy buzg‘unchilik deb ataladigan hodisaning matematik modelini yaratdilar: yangi va yaxshiroq mahsulot bozorga kirganda, eski mahsulotlarni sotadigan kompaniyalar yutqazadi. Innovatsiya yangilikni ifodalaydi va shuning uchun ijodiydir. Biroq, bu halokatli hamdir, chunki texnologiyasi o‘tmishga aylangan kompaniya raqobatbardosh bo‘lolmaydi.

Sovrindorlar ijodiy buzg‘unchilik konstruktiv tarzda boshqarilishi kerak bo‘lgan nizolarni qanday keltirib chiqarishini turli yo‘llar bilan ko‘rsatgan. Aks holda, innovatsiyalar o‘rnatilgan kompaniyalar va manfaatdor guruhlar tomonidan to‘sib qo‘yiladi.

“Sovrindorlarning ishi shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiy o‘sishni tabiiy qabul qilib bo‘lmaydi. Biz yana turg‘unlikka tushib qolmasligimiz uchun tub ijodiy buzg‘unchilik mexanizmlarini qo‘llab-quvvatlashimiz kerak,” — deydi iqtisodiy fanlar bo‘yicha mukofot qo‘mitasi raisi Jon Xassler.

2024-yilda iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga Amerika va Britaniya olimlari Daron Ajemog‘lu, Saymon Jonson va Jeyms Robinson loyiq deb topilgandi. Ularga institutlarning qanday shakllanishi va farovonlikka qay tarzda ta’sir ko‘rsatishi bo‘yicha olib borgan tadqiqotlari uchun berildi.

Bu yo‘nalishda 2023-yilgi mukofot ayollar mehnat bozori natijalari haqidagi tushunchani yaxshilagani uchun Falsafa fanlari doktori, Garvard universiteti professori va Iqtisodiy tadqiqotlar milliy byurosi a’zosi, AQSh Milliy fanlar akademiyasi va Amerika falsafiy jamiyati a’zosi Klaudiya Goldinga berilgandi. 2022-yilda esa AQSh Markaziy bankining sobiq rahbari Ben Bernanke, iqtisodchilar Duglas Daymond va Filip Dibvig ushbu mukofotga sazovor bo‘lgan.

Avvalroq Spot kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti metall-organik karkaslar uchun yaponiyalik Susum Kitagava, avstraliyalik Richard Robson va kelib chiqishi arab bo‘lgan amerikalik Omar Yagigaga berilgani haqida yozgandi.