Xitoydan Toshkent shahri uchun 202 ta Yutong elektrobuslari olib kelindi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, oxirgi yillarda jamoat transporti harakat tarkibi yangilanishi natijasida poytaxtda avtobuslardan havoga chiqadigan zararli moddalar miqdori oyiga 93,3 tonnaga kamaydi.

Vazirlik 2030-yilgacha Toshkentda elektrobuslarning jamoat transportidagi ulushini 50% gacha oshirish belgilanganini qo‘shimcha qildi.

Sentabr oyida Toshkent shahri bilan Toshkent viloyati o‘rtasida yangi avtobus yo‘nalishi ishga tushirilgandi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov oktabrda Toshshahartransxizmat‘ga 200 ta yangi 12 metrli elektrobus keltirilishi haqida aytgandi.

Shuningdek, magistral shahar atrofi yo‘nalishlari 2026-yili poytaxtga 1000 ta yangi avtobus keltirilishi bilan joriy etiladi. Avtobuslarning 30 tasi o‘ta katta sig‘imli (18 metr), 500 tasi katta sig‘imli (12 metr) hamda 470 tasi o‘rta sig‘imli (9 metr) bo‘ladi.


Avvalroq Spot Toshkentda BRT tipidagi tezkor avtobus yo‘nalishi ochilgani haqida yozgandi.