Toshkent metropoliteni matbuot xizmati O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi halqa yo‘lida harakatni qayta tiklash sanasi o‘zgartirilganini eʼlon qildi.

Liniyani ishga tushirish “sinov jarayonlarini yana-da takomillashtirish” ikki haftaga kechiktirilmoqda. Metro maʼmuriyati liniyada poyezdlar tezligini ikki barobar oshirishni va qatnovlar oralig‘ini maksimal darajada qisqartirishni vaʼda qilmoqda.

Yo‘lovchilar uchun liniyaning 1-noyabr atrofida ochilishi kutilmoqda. Avvalroq uni 18-oktabrdan qayta ishga tushirish mo‘ljallangan edi.

Hozirda “Texnopark” va “Qipchoq” bekatlari orasida poyezdlar sinov tartibida yo‘lovchilarsiz qatnayapti. Sinovlar muvaffaqiyatli yakunlanib, texnik ko‘rsatkichlar tasdiqlanganidan so‘ng liniya o‘z faoliyatini qayta boshlaydi.

Dastlab poytaxt metropoliteni may oyi oxirida ikkita — Qipchoq va Turon bekatlarini yopgan edi. Shundan so‘ng, 28-iyundan boshlab Yangiobod’dan Quruvchilargacha bo‘lgan oraliqdagi yana oltita bekatda harakat to‘xtatildi.

Metropoliten ma’muriyati yopilishni “poyezdlar va yo‘lovchilar harakati xavfsizligini ta’minlash,” shuningdek, “yangi uchastkalarda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish” bilan izohladi. Ma’lum qilinishicha, ishlar jami uch oy — sentabr oyi boshigacha davom etishi haqida xabar berilgandi.

Transport prokurori Ikrom Narimov iyun oyi oxirida yer usti metro liniyasini rekonstruksiya qilish ishlarining borishini o‘rgangan edi. Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, tekshiruv davomida ishchi guruh tomonidan “bir qator kamchilik va xatolar” aniqlangan.

Mutasaddi tashkilotlarga muammolarni “qisqa muddatda” bartaraf etish, ishlarni sifatli yakunlash uchun loyiha talablariga muvofiq qayta ko‘rib chiqish topshirildi. Prokuraturaning ta’kidlashicha, ishlar doimiy nazoratga olingan.


Avvalroq Spot yil yakunigacha Toshkent metrosidagi barcha kassalar yopilishi haqida yozgandi.