O‘zbekiston pochtasi xususiylashtirish bo‘yicha xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, investiysiyalarni jalb qilish rejalarini ma’lum qildi.

Kompaniya butun dunyoda an’anaviy pochta xizmatlariga bo‘lgan talab pasayib, elektron tijorat hamda yetkazib berish hajmining o‘sayotgani, natijada pochta xizmatlarining diversifikatsiyasi, qulayligi va texnologik jihatdan takomillashuviga bo‘lgan talablar ortib borayotganini qayd etdi.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston pochtasi infratuzilmani modernizatsiya qilish, logistikani rivojlantirish, raqamli yechimlarni joriy etish, pochta tarmog‘ini kengaytirish, shu jumladan qishloq va olis hududlarda pochta jo‘natmalari va posilkalarni qayta ishlash hamda yetkazib berish quvvatlarini yaratish uchun investitsiyalarni jalb etish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

“Kompaniya transformatsiyasini amalga oshirish va investitsiyalarni jalb etish faoliyatning uzoq muddat barqarorligini ta’minlash, yetkazib berishda xususiy operatorlar rivojlanayotgan sharoitda raqobatbardoshlikni oshirish, zamonaviy xizmat ko‘rsatishning sifat standartlarini joriy etish, shuningdek, uzoq va olis hududlarda universal pochta xizmatlarining mavjudligini ta’minlash imkonini beradi”, — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, UzPost milliy pochta aloqa operatori investitsiyalarni jalb qilish yangi ish o‘rinlari yaratilishi, elektron tijorat va mamlakat bo‘ylab xizmatlarning rivojlanishiga xizmat qilishini kutmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston pochtasi’ning aksiyadorlari sifatida davlat tashkilotlari — Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, shuningdek, davlat ishtirokidagi beshta korxonalar va 16 mingdan ortiq yuridik va jismoniy shaxslar ishtirok etmoqda.

Shuningdek, kompaniya o‘z faoliyatiga yirik investorni jalb etish bilan bog‘liq o‘zgarishlar yuz bersa, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun talablariga muvofiq tegishli ma’lumot rasmiy tarzda oshkor qilinishini qayd etdi.

Kuni kecha UzPost pochta operatori xususiylashtirilgani ma’lum bo‘lgandi. Tarmoqlarda O‘zbekiston pochtasini Rossiyaning Wildberries marketpleysi sotib olgani haqida xabarlar tarqaldi.

Iyun oyida UzPost’da affillangan shaxslar ro‘yxatida o‘zgarishlar kuzatildi. Xususan, Aloqabank, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda ustav kapitalida 20% dan ortiq ulush Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar undan chiqarildi.

Ularning o‘rniga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va ustav kapitalida 20% dan ortiq ulushga ega bo‘lgan yuridik kompaniyalar, shuningdek, Milliy investitsiya jamg‘armasi affillangan shaxslar ro‘yxatini to‘ldirdi. Uchala yangi shaxs ham UzPost aksiyalarining 20 va undan ortiq foiziga egalik qiladi.

Sentabr oyida dastlab Milliy investitsiya jamg‘armasiga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan UzPost’ning 25% lik ulushi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazildi.