Uzum raqamli ekotizimi UzPost (O‘zbekiston pochtasi) pochta operatorini rivojlantirishga sarmoya kiritishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda kompaniyaning Telegram-kanalida ma’lum qilindi.
Kompaniyaning infratuzilmani modernizatsiya qilish, logistika va bo‘limlar tarmog‘ini rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekiston pochtasi’da raqamli yechimlarni joriy etishga qaratilgan loyihalarga sarmoya kiritishga tayyorligi qayd etildi. Hozirda UzPost’ning IT va logistika infratuzilmasini rivojlantirishga faol sarmoya kiritilmoqda.
“Butun dunyoda aynan elektron tijorat milliy pochta operatorlarining drayveri va asosiy hamkoriga aylanmoqda va biz bu tajribani O‘zbekistonga olib kelishga tayyormiz. Pochta biz uchun uzoq vaqtdan beri strategik hamkor bo‘lib kelgan, 2026-yilda buyurtma topshirish bo‘yicha hamkor punktlar sonini mamlakat bo‘ylab 1000 dan ortiqqa, pochta infratuzilmasi yordamida yetkazib berilgan buyurtmalar sonini esa Uzum Market bilan umumiy buyurtmalar sonining 10%igacha oshirishni rejalashtiryapmiz”, — dedi Uzum asoschisi va bosh direktori Jasur Jumayev.
Uning qayd etishicha, bu jo‘natmalar hajmini oshirib, minglab yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi. buning uchun esa, Uzum, “mamlakatning yetakchi raqamli platformasi sifatida sarmoya kiritishga tayyor"ligini ta’kidladi Jumayev.
Shuningdek, Jasur Jumayev kelgusi 3−4 yil ichida Uzum mamlakatga $1,5 mlrddan ortiq sarmoya kiritishni rejalashtirayotganini ta’kidladi. Kompaniya O‘zbekiston pochtasi bilan hamkorlikda logistika infratuzilmasini rivojlantirishni ko‘zda tutgan.
Kuni kecha UzPost pochta operatori xususiylashtirilgani ma’lum bo‘lgandi. Tarmoqlarda O‘zbekiston pochtasini Rossiyaning Wildberries marketpleysi sotib olgani haqida xabarlar tarqaldi.
Undan keyin UzPost pochta operatori xususiylashtirilgani haqidagi xabarlarga izoh berdi. Kompaniya investiysiya rejalari haqida ma’lum qilib, yirik investorni jalb etish bilan bog‘liq o‘zgarishlar rasman ochiqlanishini qayd etdi.