Uzum raqamli ekotizimi UzPost (O‘zbekiston pochtasi) pochta operatorini xususiylashtirish bo‘yicha savdolarda ishtirok etish uchun ariza topshirdi. Bu haqda kompaniyaning Telegram-kanalida xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, Uzum Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga rasmiy so‘rov yuborgan. Kompaniya davlat ulushini sotib olish huquqi uchun o‘tkaziladigan savdolarda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

Ekotizimda pochta xizmati davlatning eng muhim aktivlaridan biri sifatida uni boshqarish nafaqat biznes, balki milliy manfaatlarni ham hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerakligi ta’kidlandi.

“Pochta bir qator muhim ijtimoiy funksiyalarni bajaradi, butun mamlakat bo‘ylab minglab ish o‘rinlarini ta‘minlaydi va aynan O‘zbekiston IT-kompaniyasi bilan sinergiya samaradorlik va ijtimoiy ish o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga, shuningdek, UzPost’ning barcha hamkorlari, xoh o‘zbekistonlik yoki chet ellik o‘yinchilar, xoh yirik yoki kichik biznes bo‘lsin, manfaatlarini muvozanatlashtirishga imkon beradi”, — deyiladi xabarda.

Bundan oldin Rossiyaning Wildberries marketpleysi UzPost pochta operatoridagi davlat ulushini sotib olgani ma’lum bo‘lgandi. Bu haqda vaziyatdan xabardor manba Spot’ga ma’lum qildi.

RBK’ning yozishicha, Wildberries & Russ (RVB) birlashgan kompaniyasi UzPost’ni xususiylashtirish ishtirokchisiga aylangan. Nashrning Rossiya bozoridagi ikkita manbasi xarid bo‘yicha bitim ancha vaqtdan beri tayyorlanayotgani hamda marketpleysning O‘zbekistonda keng ko‘lamli rejalari mavjudligini qayd etgan.

Hozirgacha Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ham, Wildberries ham UzPost xususiylashtirilishi bo‘yicha rasman izoh bergani yo‘q. Bitim qiymati ochiqlanmagan. UzPost pochta operatori esa faqat investitsiya jalb qilish rejalarini ma’lum qildi.

Nima bo‘lgandi?

O‘tgan hafta yakunida UzPost pochta operatori xususiylashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Tarmoqlarda O‘zbekiston pochtasini Wildberries sotib olgani haqida xabarlar tarqaldi.

Undan keyin UzPost pochta operatori xususiylashtirilish bo‘yicha izoh berib, investitsiyalarni jalb qilish rejalarini ma’lum qildi. Kompaniya yirik investorni jalb etish bilan bog‘liq o‘zgarishlar rasman ochiqlanishini qayd etdi.

O‘zbekiston pochtasi infratuzilmani modernizatsiya qilish, logistikani rivojlantirish, raqamli yechimlarni joriy etish, pochta tarmog‘ini kengaytirish, shu jumladan qishloq va olis hududlarda pochta jo‘natmalari va posilkalarni qayta ishlash hamda yetkazib berish quvvatlarini yaratish uchun investitsiyalarni jalb etish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Avvalroq Spot Anadolu Isuzu SamAuto’ning 75,2% davlat ulushini $80 mlnga sotib olishi haqida yozgandi.