Uzbekistan Airports va Incheon International Airport Corporation o‘rtasida Urganch aeroportini modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

15-oktabr kuni Toshkentda transport vaziri Ilhom Mahkamov boshchiligida o‘tkazilgan tadbirda Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxo‘jayev, Incheon International Airport Corporation prezidenti Li Xak-Chje va Urganch xalqaro aeroporti direktori Oybek Matkarimov ishtirok etdi.

“Janubiy koreyalik hamkasblarimizning dunyoning eng yaxshi aeroportlaridan birini boshqarish bo‘yicha tajribasi ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va mamlakatimizning tranzit salohiyatini mustahkamlash uchun zamin yaratadi”, — dedi Javlonbek Umarxo‘jayev.

Qayd etilishicha, Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha DXSh shartnomasi tenderning davomi sifatida tuzildi. Bitim aeroportni modernizatsiya qilish va boshqarish loyihasini birgalikda amalga oshirishni nazarda tutadi.

Xususiy sherik yo‘lovchi va yuk terminallarini qurish va boshqarish, shu jumladan yerga xizmat ko‘rsatish uchun javobgar bo‘ladi. Davlat sherigi tomonidan aerodrom majmuasini (uchish va qo‘nish yo‘lagi va perron) qurish va boshqarish uchun javobgarlik nazarda tutilgan.

Urganch aeroportini modernizatsiya qilish

2024-yil boshida bo‘lib o‘tgan prezident bilan uchrashuvda Buxoro, Namangan, Urganch va Andijon aeroportlarini xususiy boshqaruvga o‘tkazish rejalari ma’lum bo‘ldi.

Avgust oyida tasdiqlangan 2030-yilgacha DXShni rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturiga ko‘ra, Urganch aeroportini modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish belgilandi.

Loyihaning dastlabki qiymati $181 mlnni tashkil etib, Transport vazirligi, Uzbekistan Airports, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Xorazm viloyati hokimligiga bu bo‘yicha joriy yilning birinchi yarmi yakunigacha loyiha bitimini imzolash topshirilgandi.

O‘tgan yilning avgust oyi boshida loyiha uchun tender e’lon qilindi. Unda sakkizta kompaniya ishtirok etib, ulardan beshtasi ikkinchi yakuniy bosqichga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

Joriy yilning aprel oyida tenderning barcha bosqichlari yakunlanib, Inchxon aeroporti boshqaruvchisi bo‘lgan Incheon korporatsiyasi g‘olib deb e’lon qilindi.

May oyida Shavkat Mirziyoyev Incheon International Airport Corporation rahbariyati bilan uchrashib, Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish loyihasi bilan tanishdi.

Aeroportni modernizatsiya qilish va Incheon International Airport Corporation boshqaruviga berish 22 yil davom etadi, uch yili qurilish-rekonstruksiya ishlariga ajratilgan. Loyiha qiymati $223 mlnni tashkil etib, $108 mlni davlat sherigi obyektlariga, yana $115 mlni xususiy sherikka to‘g‘ri keladi.

Inchon aeroporti loyihani o‘z mablag‘lari va KIND beradigan qarz hisobiga teng ulushlarda moliyalashtiradi. O‘z navbatida, O‘zbekiston Koreya taraqqiyot banki va Eksimbanki mablag‘larini jalb qiladi hamda yevrobond obligatsiyalar chiqaradi.

Loyihani amalga oshirishning dastlabki uch yilida xususiy sherik tomonidan davlat foydasiga to‘lanadigan konsessiya to‘lovlari 5% ni tashkil etadi. 2032-yildan 2035-yilgacha to‘lov 16% gacha, 2036-yildan 2047-yilgacha 27% gacha oshadi.

Avvalroq Spot prezident yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishiga start bergani haqida yozgandi. Loyihaning birinchi bosqichida $2,5 mlrd sarmoya hisobiga aerovokzal va aerodrom qurilib, yiliga 20 mln yo‘lovchi, 129 ming tonna yuk va soatiga 30 ta parvozga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.