UzAuto Motors avtomobil modellari qatorini kengaytirish dasturi doirasida tayyorgarlik ishlarini yakunlab, yangi Chevrolet Cobalt modifikatsiyalarini ommaviy ishlab chiqarishni boshladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Cobalt avtomobili ikkita yangi — Cobalt Style MCM va Cobalt Midnight MCM versiyalarida taqdim etiladi. Ushbu modifikatsiyalarga yangi dvigatel boshqaruv bloki o‘rnatildi, gaz taqsimlash va elektron boshqaruv tizimlari takomillashtirildi. ABS tizimi, xavfsizlik yostiqchalari va himoya funksiyalari boshqariuv bloklari, diagnostika moduli — jami 50 dan ortiq asosiy avtomobil komponentlari yangilandi.
Avtomobillar kruiz-nazorat tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, bu haydovchisiz belgilangan tezlikni ushlab turish imkonini beradi. Shuningdek, old o‘rindiqlarning isitish tizimi sovuq ob-havo sharoitida foydalanish qulayligini oshiradi.
Sensorli multimedia tizimi esa Android Auto va Apple CarPlay tizimlarini qo‘llab-quvvatlaydi. U orqali smartfonlarini oson ulash, navigatsiyadan foydalanish, musiqa tinglash hamda qo‘ng‘iroqlarni yo‘lda chalg‘imasdan boshqarish mumkin.
Midnight MCM komplektatsiyasi salonida ekocharmdan tayyorlangan, isitish tizimi bilan jihozlangan va yangi tikuv dizayniga ega o‘rindiqlar o‘rnatilgan. Intereri qora ranglarda ishlangan: ruldagi qo‘shimcha boshqaruv pultlari, polik qoplamasi, asboblar paneli, konsul box, eshik qoplamalari va audio tizimning dekorativ qismlari yagona rang gammasida bezatilgan. Ushbu versiyaning ekstererida ham Midnight komplektatsiyasidagi kabi qora rangga bo‘yalgan yon oynalar, qora quyma g‘ildirakli disklar va qoraytirilgan faralar mavjud.
Chevrolet Cobalt avtomobilining yangi komlektatsiyalari uchun tavsiya etilgan chakana narxlar quyidagicha:
- Style MCM — 156 100 000 so‘m;
- Midnight MCM — 165 200 000 so‘m.
Shu bilan birga, ushbu avtomobilning mavjud komplektatsiyalari uchun narxlar o‘zgarishsiz qoldirildi: Style AT Plus — 147 916 000 so‘m, Midnight AT — 155 231 000 so‘m.
3-noyabrdan barcha Chevrolet dilerlik markazlari orqali mavjud komplektatsiyalarga qo‘shimcha ravishda yangi versiyalar uchun ham shartnoma tuzish mumkin.
2024-yilning oktabrida UzAuto Motors Chevrolet Cobalt’ning Midnight komplektatsiyasida ishlab chiqarishni boshladi. Avtomobil narxi 155 231 000 so‘mni yoki mavjud variantlardan 7,3 mln so‘mga qimmatroqni tashkil etadi.
Sentabr oyi boshida UzAuto Motors Cobalt avtomobilining yangilangan versiyasini taqdim etishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi. Joriy haftada kompaniya Damas minivenining yangi versiyasi va Cobalt sedanining ikkita qo‘shimcha modifikatsiyasini ishlab chiqarishga tayyorlanayotganini xabar berdi.
Avvalroq IIV 2026-yildan O‘zbekistonda 50 yillik avtomototransport vositalaridan foydalanish va ularni qayta ro‘yxatga olishni taqiqlash bo‘yicha hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ygani haqida xabar berilgandi.