Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni yangi Toshkent xalqaro aeroporti poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilishini boshlab bergani haqida yozgandi. Loyihani amalga oshirish uchun Vision Invest (Saudiya Arabistoni), Sojitz (Yaponiya) hamda Incheon (Janubiy Koreya) kompaniyalari konsorsiumi tanlab olingan.

Loyiha doirasida Incheon International Airport Corporation (IIAC) bilan 34,8 mlrd von ($24,5 mln) lik aeroport boshqaruvi bo‘yicha konsalting shartnomasi imzolandi. Bu haqda The Korea Herald nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, loyiha Saudiya Arabistonining Vision Invest kompaniyasi boshchiligida DXSh modeli asosida amalga oshiriladi.

Yangi Toshkent xalqaro aeroporti loyihasining qiymati 4,7 trln von ($2,82 mlrd) ni tashkil etadi. Aeroport Markaziy Osiyo uchun 54 mln yo‘lovchiga mo‘ljallangan havo-logistika xabi vazifasini bajarishi kutilmoqda.

aeroport, incheon, janubiy koreya, toshkent aeroporti, toshkent viloyati

(Chapdan) Vision Invest prezidenti Umar N. Al-Midani hamda IIAC prezidenti Li Xak-Je. Foto: The Korea Herald

IIAC bilan kelishuv doirasida kompaniya kelgusi besh yilda operatsion va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi tajribasini yangi aeroportda qo‘llashni rejalashtirmoqda. Xususan, aeroport muhofazasi, IT infratuzilmasi, yo‘lovchilar tajribasi va xavfsizlik tizimlari bo‘yicha konsalting xizmatlarini ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, Koreya kompaniyasi mahalliy ehtiyojlarga moslashtirilgan aeroport-shahar rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishni ko‘zda tutgan. Bu transport aloqasi, logistika zonalari, tijorat va turizm hududlarini o‘z ichiga oladi.

Qayd etilishicha, IIAC K-Airport modeli asosidagi konsalting xizmatlarini 2027-yilning iyul oyidan — aeroport ochilishi rejalashtirilayotgan 2029-yildan ikki yil oldin boshlaydi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Jurnalist Aziza Qurbonova o‘zining Telegram-kanalida yangi xalqaro aeroport qurilishi loyihasi bo‘yicha tafsilotlarni keltirib, xalqaro konsorsiumdagi ulushlar quyidagicha taqsimlanishini ma’lum qildi:

  • Vision Invest — 45%;
  • Sojitz Corporation — 30%;
  • Incheon International Airport Corporation — 15%;
  • Uzbekistan Airports — 10%.

Uning qayd etishicha, loyihaning birinchi bosqichida $2,6 mlrd investitsiya kiritiladi. Shundan $1,8 mlrdi aerovokzal qurilishi, qolgan $800 mlni esa aerodrom infratuzilmasiga yo‘naltiriladi.

Havo bandargohining savdo maydoni (Duty Free zonasi) 46 ming kvadrat metrni tashkil etib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha aeroport Istanbul (50 ming kv.metr), London (48 ming kv.metr) va Dubay (40 ming kv.metr) aeroportlari bilan tenglashadi.

Yangi aeroportni qurish orqali multimodal transport bog‘lamasi tashkil etiladi. Ushbu hudud Toshkent-Samarqand, Toshkent-Andijon, Toshkent-Bo‘stonliq pulli avtomobil yo‘llariga ulanadi. Bu yerda yangi temir yo‘l stansiyasi qurilib, tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Poytaxt va Yangi Toshkent markazlari shattl transport xizmatlari orqali bog‘lanadi.

Bo‘lajak aeroport atrofidagi yerlarda mehmonxona va turar joy majmualari, logistika va servis obyektlarini barpo etish ko‘zda tutilmoqda. Mega loyiha natijasida 200 ming aholi bandligi ta’minlanadi.

Avvalroq Uzbekistan Airports Incheon bilan Urganch aeroportini boshqarish bo‘yicha DXSh kelishuvini imzolagani haqida xabar berilgandi. Bitim aeroportni modernizatsiya qilish va boshqarish loyihasini birgalikda amalga oshirishni nazarda tutadi.