O‘zbekistonda 2026-yildan boshlab real vaqt rejimida elektron hisob-fakturalar (EHF) xavfini avtomatik baholash tizimi ishga tushadi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati maʼlum qildi.

Taʼkidlanishicha, bu prezidentning 4-sentabrdagi farmonida nazarda tutilgan (PF-153-son). Tizim Xalqaro valyuta jamg‘armasi ekspertlari, jumladan, XVJning Soliq qo‘mitasidagi maslahatchisi Georgiy Kandelaki bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.

Uning doirasida har bir yaratilayotgan elektron hisob-faktura dastlabki bosqichdayoq tahlil qilinib, xavf darajasi belgilanadi: EHFni rasmiylashtirishda qonunbuzarlik ehtimoli yuqori bo‘lsa — qizil, past bo‘lsa — yashil maqom beriladi. Yetkazib beruvchining maqomi xaridorga ko‘rsatiladi, bu esa hamkorni tanlashda bitimning ehtimoliy soliq oqibatlarini oldindan baholash imkonini beradi.

Hozirda tizim qonunbuzarlarga nisbatan choralar qo‘llanilmasdan sinov tartibida ishlamoqda. Iyul oyidan beri Soliq qo‘mitasi yangi tizim yordamida aniqlanayotgan EHFni rasmiylashtirishdagi jiddiy xatolar va soliq qonunchiligi buzilishi holatlarini eʼlon qilib kelmoqda.

Idora soliq boshqaruvini raqamlashtirish va iqtisodiyotdagi yashirin operatsiyalarni, jumladan, QQSni noqonuniy hisobga olish uchun “bir kunlik” firmalar, soxta bitimlar va qalbaki hujjatlardan foydalanishni kamaytirishni maqsad qilgan.

EHFni o‘rganish natijalariga ko‘ra, 27 ta soliq to‘lovchi iyul-sentyabr oylarida iqtisodiy mazmuniga mos kelmaydigan operatsiyalarni amalga oshirgani aniqlandi. 281 ta korxonaga rasmiylashtirilgan EHFlar summasi 5,9 trln so‘mni tashkil etib, shundan 706 mlrd so‘m QQS hisobga olish uchun qabul qilindi.

EHFning xavf darajasini baholash 48 ta mezon asosida amalga oshiriladi. Soliq qo‘mitasi bu mezonlar ro‘yxatini chetlab o‘tish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun xalqaro ekspertlar tavsiyasiga ko‘ra oshkor qilmaydi. Tizim doirasida 71 ta vazirlik va davlat idoralari maʼlumotlari birlashtirilgan.

QQS boshqaruvi departamenti direktori o‘rinbosari Hikmatilla Qodirov EHF xavfini baholashning uchta asosiy mezonini sanab o‘tdi:

  • soliqlarni to‘lash tarixi;
  • taʼsischilar tomonidan soliq majburiyatlarining bajarilishi;
  • sotilgan mahsulot bo‘yicha daromad manbaining mavjudligi.

EHF qizil maqomdan chiqishi uchun sotuvchi yoki xaridor QQS summasini to‘liq to‘lashi lozim. Shundan so‘ng hisob-faktura yashil maqomga o‘tadi.

Sentabr oyida Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev O‘zbekistonda har oyda 3,5 mlndan ortiq elektron hisob-faktura (EHF) tuzilayotganini maʼlum qilgan edi. Tizim boshlang‘ich bosqichda jami EHFlarning 10% ini tanlab tahlil qilib, ularni xavf darajasiga qarab qizil yoki yashil toifaga ajratadi.

Qizil toifadagi hisob-fakturalarda QQS to‘lanmasligi ehtimoli yuqori hisoblanadi. Soliq to‘lovchi bunday hisob-fakturalarni qabul qilsa, ular bo‘yicha QQS chegirib olinmaydi. Agar hisob-faktura bo‘yicha QQS byudjetga to‘liq to‘lansa, u avtomatik ravishda yashil maqomga o‘tkaziladi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda soliq tushumlari yashirin iqtisodiyot kamayishi hisobiga 27% ga oshgani haqida yozgandi.