Vision Invest va Air Products Toshkentning yangi aeroporti uchun aviayoqilg‘i ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda 15-oktabr kuni energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov prezidentning Saudiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Energetika vaziri Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi bilan hamkorlikda yirik issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirilganini qayd etdi. Bundan tashqari, Qibray tumanida quyosh elektr stansiyasi, Buxoro viloyatida ikkita yirik shamol elektr stansiyasi, Qoraqalpog‘istonda 100 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasi ishga tushirilgan.

“Hozirda biz shamol va quyosh elektr stansiyalarining yangi loyihalari bo‘yicha amaliy ishlarni boshladik. Shuningdek, Parkent tumanida yirik energiya saqlash tizimini ishga tushirish rejalashtirilgan”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ACWA Power bilan hamkorlikning yana bir yo‘nalishi kadrlar va mutaxassislarni tayyorlashdir. Sirdaryo viloyatining Shirin shahridagi energetika kollejida yangi ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimi joriy etiladi. Muassasada o‘quvchilarga chet tili o‘rgatiladi va nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa mamlakatlardagi ACWA Power loyihalariga ham jalb qilinadi.

aeroport, air products, aqsh, energetika, energetika vazirligi, jo‘rabek mirzamahmudov, saudiya arabistoni, vision invest

Foto: Minbar ortida / Telegram

Energetika vaziriligi Saudiya Arabistonining Vision Invest va AQShning Air Products kompaniyalari bilan barqaror aviatsiya yoqilg‘isini (SAF) ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Loyiha doirasida yangi Toshkent xalqaro aeroportini to‘liq qayta tiklanuvchi yoqilg‘i bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, Jo‘rabek Mirzamahmudov Saudiya Arabistonining Pemco kompaniyasi yil oxirigacha Samarqandda quvvati 200 MVt bo‘lgan yangi gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasini qurish bo‘yicha kelishuvga erishilganini aytdi. Yil oxirigacha amaliy ishlarni boshlash ko‘zda tutilgan.

22-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahriga amaliy tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida Air Products kompaniyasi bosh ijrochi direktori Eduardo Menezes bilan muzokaralar o‘tkazgandi.

Tomonlar Buxoroda gaz-kimyo majmuasini qurish, ko‘mirni gazlashtirish va ekologik toza aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirishga kelishib oldilar.

Avvalroq Spot prezident yangi Toshkent xalqaro aeroporti poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilishini boshlab bergani haqida yozgandi. Loyihani amalga oshirish uchun Vision Invest (Saudiya Arabistoni), Sojitz (Yaponiya) hamda Incheon (Janubiy Koreya) kompaniyalari konsorsiumi tanlab olingan.