Keng Makon mebel fabrikasining tarixi 1980-yillarning oxiriga borib taqaladi. O‘shanda Saidabror Saidkarimov eski temir yo‘l vagonini ustaxonaga aylantirib, avtomobil g‘iloflarini tikishni yo‘lga qo‘yadi. Vaqt o‘tishi bilan u mebel ishlab chiqarish sohasiga o‘tib, bugungi kungacha fabrikaning asosini tashkil etib kelayotgan tamoyillarni shakllantiradi. 1993-yilda u kompaniyani rasman ro‘yxatdan o‘tkazadi. Bugungi kunda esa bu ishni uning o‘g‘li — Saidmurod Saidnabiyev davom ettirmoqda.
Hozirda Keng Makon yiliga 300 tadan ortiq mebel to‘plamini ishlab chiqarmoqda. O‘tgan yilda kompaniya aylanmasi 15 mlrd so‘mdan oshdi.
Assortimentning asosiy qismini klassik uslubdagi modellar tashkil etadi — ular barcha sotuvlarning qariyb yarmiga to‘g‘ri keladi. Mijozlar ehtiyojlarini inobatga olgan holda kompaniya neoklassik va modern yo‘nalishlaridagi mahsulotlarni, shuningdek, minimalizm hamda xay-tek uslubidagi bir nechta modellarni ham ishlab chiqarmoqda.
Saidmurod Spot nashriga bergan intervyusida jamoaning ish jarayonini — eskizdan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan bosqichlarni qanday tashkil etishi, O‘zbekiston mebel bozoridagi raqobatning nega teng emasligi hamda xorijiy bozorlarda o‘sish nega muhimligini so‘zlab berdi.
Biznesning boshlanishi
Keng Makon mebel fabrikasi tarixi dastlabki qadamlarni eslatib turuvchi, hozir ham fabrika hududida saqlanayotgan vagondan boshlangan. 1980-yillarning oxirida otam Saidabror Saidkarimov ikki do‘sti bilan birgalikda temir yo‘l vagonini sotib olib, uni ustaxonaga aylantirgan. O‘sha yerda ular avtomobillar uchun g‘iloflar tikishni boshlaganlar.
O‘sha paytlarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchilar kam bo‘lgani va shaxsiy avtomobillar ko‘proq istisno hisoblangani sababli, asosiy mijozlar yaxshi va qimmat mashinalar egalaridan iborat edi.
Dastlab uch do‘st barcha ishlarni o‘zlari bajarishar, tikuvchilik bilan shug‘ullanib, materiallarni ham o‘zlari xarid qilardilar. Biroq buyurtmalar soni ortgani sayin ularga yordamchilar kerak bo‘la boshladi. Avvaliga bir necha ishchi qo‘shildi, keyinchalik esa jamoa to‘liq 10 kishilik tarkibga yetdi. Ish eng qizg‘in davrda esa korxonada qariyb 30 nafar xodim faoliyat yurita boshlagan.
Shu tarzda ular besh yil davomida ish faoliyatini davom ettirishdi. Bir kuni esa mijozlardan biri yumshoq mebel qoplamasini almashtirish bo‘yicha noodatiy iltimos bilan murojaat qildi. Bu taklif jamoaga qiziqarli tuyuldi va ular ishni sinov tariqasida bajarishga qaror qilishadi. Natijada, kreslo avvalgisidan ham chiroyliroq holatga keldi. Bundan mamnun mijoz esa kutilganidan ikki baravar ko‘p haq to‘laydi. Aynan o‘sha paytda jamoada xorijdan keltirilgan yumshoq mebellarni ta’mirlash g‘oyasi paydo bo‘ladi.
Asta-sekin bu yo‘nalish o‘zimizning ishlab chiqarish yo‘nalishiga ko‘chdi. Barchasini oddiy ishlardan boshladik: qoplamani yechib, karkaslarni tiklash va materiallarni tanlash bilan shug‘ullandik. Dastlabki divanlar butunlay qo‘lda — ta’mirlashda ishlatilgan asboblarda yig‘ilgan. Keyinchalik ular kichik xonani ijaraga olib, asosiy uskunalarni xarid qilishdi: doirasimon arra, silliqlash mashinasi, kompressor va sanoat stepleri.
O‘sha yillarda mamlakatimizda mebel sanoati endigina shakllanayotgan bo‘lib, barchasini noldan boshlashga to‘g‘ri kelgan. Materiallar maxsus yo‘llar bilan: faner va bruslar mahalliy duradgorlardan, qoplamalar bozorlardan yoki tanish-bilishlar orqali olinardi. Sifatli yog‘och materiallar taqchil bo‘lgani sababli karkaslar ko‘pincha qayta ishlangan yog‘ochdan tayyorlangan.
1993-yilda fabrika davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
“Keng Makon” nomi bejiz tanlanmagan. Otam ishlab chiqarish uchun joy qidirib, bu yerga birinchi bor kelganlarida, atrof faqat ochiq dala edi. U atrofga nazar solib, do‘stlariga bu joy yetarlicha kengligini, shu yerda hammaga foyda keltiradigan, keng ko‘lamli ishni yo‘lga qo‘yish kerakligini aytgan. Ana shu paytda nafaqat g‘oya, balki yondashuv ham shakllangan: keng fikrlash, kelajakka yo‘naltirilgan holda ishlash va doimiy o‘sishga intilish.
2007-yilga kelib, otamning hamkorlari boshqa sohalarga o‘tib ketgan va u biznesni mustaqil ravishda rivojlantirishni davom ettirgan yagona ta’sischiga aylangan.
Bolaligimdan fabrika hayotimning ajralmas qismiga aylangan. Otam meni tez-tez ishlab chiqarishga olib borar, sexlarni ko‘rsatib, har bir jarayon qanday tashkil etilganini batafsil tushuntirib berardi. Vaqt o‘tishi bilan men ham ish jarayoniga qo‘shila boshladim — ayniqsa ta’til paytlarida ancha faol bo‘lardim. Avvaliga bir qarashda oddiy tuyulgan silliqlash yoki qadoqlash kabi ishlardan boshladim. Shu tajriba orqali mahsulot tayyor bo‘lguncha ishlab chiqarish jarayoni qancha kuch, sabr va mehnat talab qilishini, ustalarning zimmasida naqadar katta mas’uliyat yotganini angladim.
Parallel ravishda, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi akademik litseyni tamomladim, so‘ngra Vestminster universitetida Biznes boshqaruvi yo‘nalishida tahsil oldim. Bu davrda fabrikaga qaytib, otam bilan g‘oyalarni muhokama qilib, loyihaning kelajagi haqida bosh ham qotirardim.
Foto: Ilya Semendeyev / Spot
Vaqt o‘tib, xodimlar uchun Keng Makon Kids bolalar bog‘chasini ochish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Otam taklifimni qo‘llab-quvvatladi, bundan tashqari, u ishchilarning farzandlari yonida ekanligini bilgan holda o‘z ishlarini xotirjam davom ettirishlarini xohlardi.
Deyarli ikki yil davomida bog‘chaga rahbarlik qilib, pedagoglarni yollashdan tortib kundalik tashkiliy masalalarni hal etishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni boshqardim. Bu mening birinchi mustaqil boshqaruv tajribam bo‘lib, jamoa bilan samarali ishlash, tizimli boshqaruvni yo‘lga qo‘yish va oziq-ovqat ta’minotidan tortib xavfsizlik masalalarigacha bo‘lgan o‘nlab vazifalarni bir vaqtning o‘zida muvofiqlashtirish ko‘nikmalarini shakllantirdim. Keyinchalik bino ishlab chiqarish ehtiyojlariga moslashtirilgani sababli loyiha faoliyatini yakunlashga to‘g‘ri keldi.
Vaqt o‘tishi bilan men fabrika bosh direktori — Hikmat Karimovichning yordamchisi bo‘ldim. To‘g‘risini aytganda, jamoaga qo‘shilish oson kechmadi. Yoshim sabab ba’zi xodimlar, ayniqsa katta avlod vakillari, qarorlarimga ehtiyotkorlik bilan yondashishardi. Boshqaruvchi mening so‘zlarim uning so‘zlari ekanligini, bizning pozitsiyalarimiz bir ekanligini qat’iy ta’kidlaganida, vaziyat o‘zgardi. Shundan so‘ng kompaniya ishlaridagi ishtirokim haqidagi tasavvur o‘zgardi. Jamoaning to‘laqonli a’zosi bo‘lib, professional jihatdan o‘sishni boshladim.
Premium segmentiga o‘tish
2000-yillarning boshlariga kelib, fabrika yiliga qariyb 200 ta mebel to‘plamini ishlab chiqara boshladi. Mahsulotlar asosan ommaviy iste’molchilar uchun mo‘ljallangan asosiy modellar edi. To‘plangan tajriba va bozorni chuqurroq anglash natijasida biz yangi bosqichga o‘tib, xorijiy bozorda o‘z kuchimizni sinab ko‘rishga qaror qildik. Shu tariqa, 2013-yilda ilk eksport tajribamiz boshlandi — Moskvada kompaniyamizning uchta brend do‘koni ochildi. Uch yil ichida loyiha savdo hajmi va barqarorlik nuqtayi nazaridan tijorat jihatidan maqbul darajaga yetdi.
Ko‘proq yumshoq mebellar va stullar xarid qilingan, ularni kichik xonadonlarga oson moslashtirardik. Korpus mahsulotlariga talab kamroq: modellar har doim ham standart kirish eshiklaridan o‘tmasdi. O‘sha paytda o‘lchamlarni o‘zgartirish va qoplamani almashtirish bo‘yicha so‘rovlar kelib tusha boshladi, bu esa bizni individual buyurtmalarni rivojlantirishga undadi.
Ma’lum bir bosqichda Rossiya bozoridan chiqishni lozim topdik. Bunga asosiy sabab sifatida ijara shartlarining beqarorligi — qisqa muddatli shartnomalar va ularni uzaytirishda stavkalarning muntazam oshirilishi ta’sir ko‘rsatdi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda buyurtmalarning barqaror oqimi shakllanib bo‘lganligi sababli, e’tiborimizni to‘liq ichki bozorga qaratishga qaror qildik.
2020-yilga kelib, strategiyani qayta ko‘rib chiqdik: oqimli ishlab chiqarishdan voz kechib, yanada murakkab, individuallashtirilgan mahsulotlarni ishlab chiqardik. Assortimentimizga qo‘lda ishlangan naqshli, o‘ymakorlik bilan bezatilgan, nodir matolardan tayyorlangan va yangi materiallardan ishlangan modellar qo‘shildi.
Kompaniya xodimlarining soni yillar davomida o‘sib bordi. Eng yuqori davrda xodimlar soni 400 kishigacha yetdi. Vaqt o‘tishi bilan jarayonlarni takomillashtirdik, bugungi kunda jamoamizda 250 ga yaqin xodim faoliyat yuritmoqda.
Ishlab chiqarish hajmi ham o‘sdi: 2023-yilda 250 ta mebel to‘plamini ishlab chiqargan bo‘lsak, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 300 taga yetdi. Bunday o‘sish tizimli ishning natijasi bo‘lib, jamoaning izchil sa’y-harakatlari, modernizatsiya hamda mijozlar tomonidan tobora ortib borayotgan ishonch tufayli sodir bo‘ldi. 2024-yil yakunlariga ko‘ra, qariyb 15 mlrd so‘mlik mahsulot sotilgan.
Foto: Ilya Semendeyev / Spot
Bugungi kunda fabrikamiz o‘z hududining qariyb 2 gektarini egallaydi. Bu yerda 20 ga yaqin yog‘ochga ishlov berish, bo‘yash, shpon, tikuvchilik, qadoqlash va boshqa ishlab chiqarish bo‘limlari mavjud. Eskizdan tortib tayyor mahsulotgacha bo‘lgan barcha asosiy bosqichlar ichki jarayonlarda amalga oshiriladi. Faqatgina alohida furnitura elementlari autsorsga beriladi, ular ham dastlab ishonchli hamkorlardan xarid qiladilar.
Ishlab chiqarish qanday tuzilgan?
Mebel ishlab chiqarish vazifani o‘rganishdan boshlanadi. Mijozga aynan nima lozimligi, mebel qaysi joyda turishi, buyurtmachining kundalik hayotdagi odatlari, o‘ziga xosliklarini tahlil qilamiz.
Buyurtma individual bo‘lsa, dizaynerlar har bir detalni bevosita mijoz bilan muhokama qiladilar. Seriyali modellar esa ommaviy ishlab chiqarishga qaramasdan ularda estetika saqlanib qolinadi.
Ko‘p yillik faoliyatimiz davomida ishonchli hamkorlar doirasini tashkil etib, ular bilan barqaror munosabatlarni yo‘lga qo‘ydik. Deyarli barcha turdagi xomashyo, ehtiyot qismlar import qilingan. Yog‘ochni Turkiya va Rossiyadan, mexanizmlar va jihozlarni esa Avstriya, Germaniya va Italiyadan olib kelamiz.
Fabrikada 100 dan ortiq jihozlar mavjud bo‘lib, Italiyaning SCM stanoklari arralash, bo‘yash va qirralashda aniqlikni oshirish imkonini beradi.
Ishlab chiqarish jarayoni yog‘ochga ishlov berish ustaxonasida boshlanadi: material arralash, silliqlash hamda shakl berish jarayonlaridan o‘tadi. Shpon bilan ishlash alohida aniqlikni talab etadi — ustalar qo‘lda teksturani tanlab, simmetrik naqsh hosil qilishga harakat qilishadi. Shundan so‘ng presslash, kalibrlash, parmalash va qayta silliqlash bosqichlari amalga oshiriladi.
Yakuniy ishlov berish jarayoniga bo‘yash ham kiradi. Bu bosqichda barcha jihatlar muhim: namlik darajasi, qoplama bir xilda bo‘lishi va kerakli rangga aniq tushishi. Ikki komponentli laklardan foydalanamiz, chunki ular qoplamaga chuqurlik berib, sirtni himoya qiladi va tashqi ko‘rinishni uzoq vaqt saqlaydi.
Foto: Ilya Semendeyev / Spot
Keyin tayyor buyumlar yig‘uv ustaxonasiga kelib tushadi. Bu yerda mebel uzil-kesil ko‘rinishga keladi: detallar biriktiriladi, choklar, mexanizmlarning yurishi, konstruksiyaning mustahkamligi tekshiriladi. Shundan so‘ng furnituralar o‘rnatiladi, ishlov beriladi hamda pardozlanadi.
Ba’zi tafsilotlarni prinsipial ravishda avtomatlashtirmaymiz. Misol uchun, naqshlar va murakkab bezak elementlari qo‘lda yaratiladi. Mashina yog‘ochning tabiiy xususiyatlarini inson kabi ilg‘ay olmaydi. Aynan qo‘l mehnati mebelga o‘ziga xos xususiyat baxsh etib, uning yuqori sifatliligini namoyon etadi.
Yakunlovchi bosqich — mahsulotlarni qadoqlash va yetkazib berish. Ombor va logistika xizmati fabrikaning o‘zida joylashgan. Hech qanday “qoldiq"ni ushlab turmaymiz — hamma narsa aniq buyurtma asosida tayyorlanib, o‘z vaqtida yetkaziladi.
Tovar liniyasi
Keng Makon fabrikasi o‘tgan 30 yil ichida korpusli mebellarning bir nechta modellaridan tortib, butun uy hududini qamrab oladigan keng turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Assortimentdan yotoqxona, mehmonxona garniturlari, yumshoq mebellar, stol va stullar, ofis, oshxona, bolalar hamda dahliz mebellari o‘rin olgan. 2008-yildan boshlab eshiklar ham ishlab chiqarila boshlangan — jamoada ushbu yo‘nalishni rivojlantirishni o‘z zimmasiga olgan mutaxassis paydo bo‘ldi.
Fabrikaning boshqa bo‘limlarida ham xuddi shu prinsip amal qiladi: shunchaki yangi pozitsiyalarni qo‘shmaymiz, balki ularning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda alohida ishlab chiqarish jarayonini yo‘lga qo‘yamiz.
Assortiment ustida 5 nafar dizayner, 6 nafar konstruktordan iborat jamoa ish olib boradi. Dizaynerlar jahon tendensiyalarini kuzatib, ularni mahalliy vizual kontekstga moslashtirishadi. Mebelning ham an’anaviy uylarda, ham zamonaviy interyerlarda o‘ziga xos ko‘rinishga ega bo‘lishi muhim. Dizaynerlar eskizlar yaratib, materiallar, ranglar va mutanosibliklarni belgilaydilar. Ichki tekshiruvlar, sinovlardan so‘ng tayyor konsepsiya konstruktorlarga topshiriladi.
Konstruktorlar modelning nafaqat chiroyli, balki mustahkam bo‘lishi uchun javobgardirlar. Ular dizaynni ishlab chiqarishga moslashtirib, ergonomika hamda mustahkamlikni hisobga olgan holda texnik hujjatlarni yaratib, jarayonni ishga tushiradilar.
Assortimentimizning asosini klassik mahsulotlar tashkil qiladi. Bu yo‘nalishga dadam asos solgan va u hali ham asosiy yo‘nalish bo‘lib qolmoqda: modellarning taxminan 50%i aynan shu uslubda. Vaqt o‘tishi bilan xaridorlarimizning didi o‘zgara boshlab, turlarni ko‘paytirdik. Bugungi kunda unda neoklassika (30%), modern (20%), shuningdek, minimalizm va xay-tek yo‘nalishidagi alohida modellar o‘rin olgan.
Shu bilan birga, madaniy qolip bilan bog‘liqlikni saqlab qolishimiz ham muhim. Dizaynda milliy o‘ziga xoslik, xoh o‘ymakorlik bo‘lsin, xoh naqshlar yoki material tanlash bo‘lsin, e’tiborga olishga harakat qilamiz. Masalan, Rossiyaga eksport qilingan yumshoq mebellarda adras matosidan foydalandik: bu o‘zbek an’analari xalqaro maydonda ham dolzarb bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatish usuli bo‘lib xizmat qildi.
Yotoqxona va mehmonxona uchun jihozlar to‘plamlari buyurtmalarning katta qismini tashkil qiladi. Eng ko‘p talab qilinadigan modellar dizayni, ishlab chiqarish murakkabligi, qo‘llanilgan materiallar, shuningdek, narxi bilan farq qiladi.
Foto: Ilya Semendeyev / Spot
Bugungi kunda mahsulotlarning taxminan 70%i seriyali modellar, qolgan 30% i individual buyurtmalar bo‘lib, ularning bajarilish muddati murakkabligiga qarab 1 oydan 3 oygacha davom etadi.
Individual va seriyali mahsulotlar o‘rtasidagi narx farqi odatda 20−30% ni tashkil qiladi.
Xizmat mahsulotning bir qismi sifatida
Mahsulot narxlari ochiq-oydin tarzda, ya’ni materiallar tannarxi, ishlab chiqarish vaqti, tegishli xarajatlar hamda marjani hisobga olgan holda shakllantiriladi. Hozirgi kunda o‘rtacha buyurtma narxi taxminan 45 mln so‘mni tashkil etadi.
Narxlarni keskin ko‘taradiganlardan farqli o‘laroq, biz narx barqarorligini saqlab qolishga harakat qilamiz. Doimiy mijozlarimiz uchun chegirmalar hamda foizsiz bo‘lib to‘lash imkoniyati mavjud. Masalan, yotoqxona jihozlari xarid qilinganda, yumshoq mebellar uchun 25% lik chegirma taqdim etiladi.
Biz yangi formatlarga ochiq bo‘lib, onlayn savdoni o‘rganishni boshladik. Ammo mebel masofadan osongina xarid qilinadigan mahsulot emas. Uni ko‘rish, qo‘l bilan ushlash, o‘tirish, matolar, yog‘ochning sifatini jonli baholash kerak. Shu sababli mijozlarning aksariyati hamon ko‘rgazma zallarini afzal bilishadi. Ularning biri bevosita fabrika hududida, ikkinchisi esa Glinka nomli ko‘chadagi savdo do‘konida joylashgan.
Foto: Ilya Semendeyev / Spot
Mahsulotlarning bariga 3 yillik kafolat beriladi. Agar vaqt o‘tishi bilan tashqi ta’sirlar natijasida mato xiralashsa yoki material ko‘rinishini yo‘qotsa, mahsulotni xizmat ko‘rsatish markazimizga olib kelish mumkin. Qoplamani yangilaymiz, lakni yoki shikastlangan elementlarni qayta tiklaymiz. Eng muhimi, mahsulotning asosi ko‘p yillar davomida o‘z shakli va mustahkamligini saqlab qoladi: u sifatli yog‘ochdan yasalgan va uzoq muddatli ekspluatatsiyaga bardosh bera oladi.
Ayniqsa, mebellarimizdan 10−20 yil davomida foydalanib kelayotgan mijozlarimiz borligi juda quvonarli. Ularning ko‘pchiligi yaqinlariga bizni hayotlarining eng muhim paytlarida, masalan, to‘ydan so‘ng yangi uyni jihozlashda tavsiya qilishadi.
Xizmat ko‘rsatish qismi ishlab chiqarish bilan parallel ravishda amalga oshirildi. Birinchi tashrifdan to mebelning yakuniy o‘rnatilishigacha har bir qadam diqqat bilan nazorat qilinadi. Do‘konlar va shourumlarda nafaqat sotuvlar, balki maslahatlar sifati va mijozlar bilan ishlash bo‘yicha ham KPI’lar mavjud.
Yig‘uvchi jamoalar maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan, forma kiygan va intizom asosida ishlaydi. O‘rnatish jarayoni yakunlangach, ular barcha qadoqlarni yig‘ishtirib, xonani ozoda holda topshirishadi. Bu oddiy, ammo muhim qoida — u mijoz bilan yakuniy taassurotni yaxshilaydi.
Mamlakatda mebel bozori
2018-yilgacha asosiy raqobat mamlakat ichida bo‘lgan. Biz bilan bir qatorda bir nechta kuchli fabrikalar ham rivojlanib bordi, ularning har biri o‘z o‘rnini topishga urinardi. Vaqt o‘tishi bilan ishlab chiqaruvchilarning bir qismi ommaboproq qatlamga o‘tib ketdi. Ayrimlari arzon modellarga e’tibor qaratsa, ba’zilari ehtiyot qismlarning qimmatlashishiga to‘qnash keldi, ba’zilari esa soddalashtirilgan konstruksiyalarni ishlab chiqarishni afzal ko‘rdi. Biz chuqur o‘ylangan qarorlar, puxta ishlab chiqilgan ishlar va barqaror sifat darajasi qadrlanadigan yo‘nalishni tanladik.
Bugungi kunda O‘zbekistonda mebel ishlab chiqarish rivojlanishda davom etmoqda, biroq bozor hali shakllanish bosqichida. Bu holat mahsulot va detallarining ham sifat darajasiga ta’sir qiladi. Ko‘pincha turli pudratchilar ishlaydigan obyektlarda bo‘lamiz: kimdir eshiklarni o‘rnatish bilan shug‘ullansa, boshqasi o‘rnatilgan mebellar bilan shug‘ullanadi. Bunday vaziyatlarda, yondashuvlardagi farqlar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ba’zi joylarda aniq moslashtirish, toza liniyalar, boshqa joylarda notekis qoplama, g‘adir-budurliklar, elementlarning nomuvofiqligiga duch kelamiz.
Bozordagi asosiy to‘siqlardan biri — sifatli materiallarga ega bo‘lishdir. Mebel ishlab chiqarishda asosiy xomashyo sifatida shumtol, eman va buk yog‘ochlari qo‘llaniladi. O‘zbekistonda bu turdagi daraxtlar deyarli yo‘q: o‘rmon xo‘jaligi yetarlicha rivojlanmagan, shuningdek, tijorat maqsadida, masalan, chinor daraxtlarini kesish taqiqlangan. Shu sababli biz ko‘p yillardan beri yog‘ochni Rossiya va Gruziyadan import qilib kelamiz. Yetkazib berish xarajatlari, bojxona to‘lovlari va transport bilan bog‘liq omillar tufayli bunday xomashyo mahalliy materiallarga nisbatan ancha qimmatga tushadi, ammo hozircha bu yo‘nalishda muqobil manba mavjud emas.
Furnitura bilan bog‘liq holat ham shunga o‘xshash. Bugungi kunda O‘zbekistonda mebel furniturasini chakana bozorlarda topish mumkin, biroq ushbu soha hali ishlab chiqarishning professional talablari — ayniqsa ishonchlilik va estetika darajasiga to‘liq javob bera olmaydi. Biz bu yerda faqat tutqich yoki ilmoqlar haqida emas, balki murakkab texnik komponentlar: yo‘naltiruvchi, ko‘taruvchi tizimlar hamda mahkamlovchi elementlar haqida so‘z yuritamiz. Aynan shu detallar mebelning uzoq xizmat muddati va muammosiz ishlashini ta’minlaydi.
Bunday komponentlar to‘plamida yuzdan ortiq detal bo‘lishi mumkin, ulardan hech bo‘lmaganda bittasining ishdan chiqishi butun konstruksiyaning mustahkamligi hamda funksionalligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar hozircha zarur sifat standartlari va barqaror yetkazib berish hajmini ta’minlay olmaganlari sababli, biz furnituralarning asosiy qismini hali ham xorijdan xarid qilib kelmoqdamiz.
Foto: Ilya Semendeyev / Spot
Shu bilan birga, import qilingan mebellar bozorda hanuz afzal ko‘rilmoqda. Tayyor mahsulotlar ko‘pincha bojxona imtiyozlari asosida olib kiriladi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar esa ishlab chiqarish uchun zarur materiallarni import qilganda boj to‘lashga majbur bo‘ladi. Natijada, tayyor import mahsulotlari bilan deyarli teng sharoitda raqobatlashishimizga to‘g‘ri keladi.
Agar ushbu tizimni qayta ko‘rib chiqib, ichki mebel ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratilsa, soha ancha tez rivojlanadi. Bunda raqobat narx pastligiga emas, balki sifat ustunligiga asoslanadi.
Bugungi kunda Turkiya va Italiyadan keltirilayotgan mebellar hali ham jiddiy raqib sanaladi — bu mamlakatlardagi ishlab chiqaruvchilar barqaror brendlarga, sinovdan o‘tgan texnologiyalarga va yuqori darajadagi ishlab chiqarish standartlariga ega. Ularning mahsulotlari obro‘-e'tibor va mijoz ishonchi tufayli yutadi, bu esa narx siyosatiga ham bevosita ta’sir qiladi. Shu bilan birga, biz sifat jihatidan o‘z mahsulotlarimizni bu brendlar bilan bemalol tenglashtira olamiz, deb hisoblaymiz.
Rivojlanish rejasi
Mebel biznesida bir joyda to‘xtab qolish kerak emas: doimiy yangilanishsiz brend tezda dolzarbligini yo‘qotib, talabga ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli har yili kamida 5−6 ta yangi modelni bozorga chiqarishga urinamiz. Shu bilan birga, yiliga 6 tagacha to‘liq kolleksiya ishlab chiqamiz, lekin, fikrimcha, bu o‘zgaruvchan bozor sur’atlariga mos bo‘lish uchun yetarli emas.
Eksport — hozirgi paytda bizni eng ko‘p ruhlantirayotgan yo‘nalishlardan biridir. Dastlabki maqsad sifatida Dubay bozoriga chiqishni, keyingi bosqichda esa Markaziy Osiyo mamlakatlariga kengayishni rejalashtiryapmiz. Shu tariqa, biz ichki bozordan tashqarida ham o‘z o‘rnimizni mustahkamlash, o‘z savdo nuqtalarimizni ochish, brend tanilishini oshirish va yangi auditoriya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganmiz.
Buning bilan bir qatorda, qo‘shimcha strategik yo‘nalishlarni ham rivojlantirishni boshlayapmiz. Ulardan biri — o‘zimizning yog‘och import tizimini yo‘lga qo‘yish. Bu jarayonni tashqi omillarga qaram bo‘lmagan holda tashkil etish imkonini beradi. Eng muhimi, bunday baza nafaqat bizning ishlab chiqarish ehtiyojlarimizni ta’minlaydi, balki boshqa mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun ham tayanch bo‘lib, butun soha miqyosida barqaror va rivojlangan bozor infratuzilmasini shakllantirishga xizmat qiladi.