O‘zbekiston Janubiy Koreya rasmiylari bilan mavsumiy ishchilarga E-8 vizalarini berishni qayta tiklashga kelishib oldi, deya xabar berdi Migratsiya agentligi.

Kyonsan-namdo provinsiyasi gubernatori Pak Van-su vazirlik direktori Behzod Musayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasini qabul qildi. Muzokaralar yakunida tomonlar qishloq xo‘jaligiga mavsumiy ishchi kuchini jalb qilish to‘g‘risida bitim imzoladilar.

Dastur doirasida Miryan shahri, Xapchon va Chxonnyan tumanlarida ishlash uchun Toshkent viloyati aholisini ishga qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi. Dastur “5+3” modeli bo‘yicha sakkiz oy davom etadi.

Dekabr oyi oxirigacha dasturda ishtirok etuvchi tumanlar hokimiyatlari hududlardagi band bo‘lmagan ish o‘rinlari sonini, shuningdek, ish beruvchilarning ehtiyojlarini o‘rganadi.

Ushbu ma’lumotlar asosida taklif etiladigan xodimlar soni va nomzodlarga qo‘yiladigan talablar kelishib olinadi.

Migratsiya agentligi ishga ketayotgan fuqarolarni mehnat shartnomasi shartlari va Janubiy Koreya qonunchiligiga rioya qilishga, ish davri tugagach, vatanga qaytishga chaqirdi.

Ushbu shartlarning bajarilishiga qarab, Koreya tomoni mavsumiy qabulni kengaytirishi yoki yana cheklashi mumkin, deyiladi agentlik xabarida.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Janubiy Koreya Adliya vazirligi sentabr oyining oxirida E-8 mavsumiy ishchi vizalari dasturini qayta tiklash bo‘yicha kelishuvga erishdi. Koreya tomoni mintaqalar tashkiliy ishga olish dasturlarining aniq shartlarini belgilashi lozimligini ta’kidladi.

O‘zbekistonliklarni E-8 vizalari asosida mavsumiy ishlarga jalb etish oxirgi marta 2021-yilda amalga oshirilgan edi. O‘shanda pilot loyiha doirasida 420 kishi ishga yuborilgan, ammo ularning ayrimlari belgilangan muddat tugagach qaytib kelmagan. Shu sababli, Koreya hukumati dasturni to‘xtatishga majbur bo‘lgan.


Avvalroq Spot O‘zbekiston Koreya bilan ishchi vizalari bo‘yicha kelishuv imzolagani haqida yozgandi.

Hujjat malakali mutaxassislarga E-7 vizasini berishni nazarda tutadi. Shuningdek, tomonlar mavsumiy ishlar uchun ham viza ajratish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.