Shveysariyaning Nestlé kompaniyasi 2025-yilning uchinchi choragida sotuvlar o‘sishi haqida hisobot berdi, bu tahlilchilar kutganidan ham oshib ketdi.

Shu bilan birga, korporatsiya keng ko‘lamli qayta tashkil etishni e’lon qildi, uning doirasida butun dunyo bo‘ylab 16 mingga yaqin xodimni qisqartirish rejalashtirilgan.

Hisobotlarga ko‘ra, Nestlé kompaniyasining organik savdolari 4,3% ga o‘sgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich bozor taxminlaridan yuqori chiqdi. Ushbu o‘sish ham narxlarning ko‘tarilishi, ham sotish hajmining oshishi hisobiga ta’minlandi.

Qahva, shirinliklar va uy hayvonlari uchun ozuqa ishlab chiqarish uchun mas’ul bo‘lgan bo‘linmalar eng katta hissa qo‘shdi. Kompaniya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, narxlarning o‘rtacha o‘sishi xarajatlarning o‘sishini qoplashga va marjinallikni barqarorlashtirishga yordam berdi.

Yangilangan strategiyasi doirasida Nestlé xodimlarning taxminan 5−6%ini qisqartirmoqchi. Ularning 12 mingga yaqini ma’muriy xodimlarga (“oq yoqalilar”), yana 4 mingga yaqini esa ishlab chiqarish va logistika bo‘limlariga tegishli.

Kompaniya, shuningdek, 2027-yilgacha bo‘lgan tejash maqsadli ko‘rsatkichini $2,5 mlrd Shveysariya frankidan 3 mlrd Shveysariya frankigacha (taxminan $3,74 mlrd) oshirdi.

Yangi bosh direktor Filipp Navratilning aytishicha, qayta tashkil etish “samaradorlikni oshirish, qarorlar qabul qilish jarayonini tezlashtirish va korxonani o‘zgaruvchan bozor sharoitlariga moslashtirishga” qaratilgan.

Nestlé bir necha yil davomida foydalilik darajasi pasaygandan so‘ng, investorlarning o‘sishni tezlashtirish va operatsion xarajatlarni kamaytirish talabi bosimi ostida qolmoqda.


Avvalroq Spot Microsoft 9000 nafargacha xodimini ishdan bo‘shatishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Qisqartirish kompaniyaning boshqaruv jarayonlari va tuzilmasini takomillashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda.