Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni yangi Toshkent xalqaro aeroporti poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilishini boshlab bergani haqida yozgandi.

Yangi havo porti O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlari hududida 1300 gektar maydonda joylashadi. Sentabr oyi boshida Kadastr agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi loyiha uchun mazkur tumanlardan jami 1309,76 gektar yer maydoni ajratilishini ma’lum qilgandi.

O‘zbekiston 24 telekanali lavhasida yangi aeroportning joylashuvi ma’lum qilindi. Spot xaritani o‘rganib, uning joylashuvini aniqladi — poytaxtning yangi havo bandargohi Yangiyo‘ldan taxminan 7 km sharqda qurilishi mumkin.

Yandeks Xarita ma’lumotlariga ko‘ra, obyektning janubida Yangitosh va Tinchlik aholi punktlari, shuningdek, Yangi Hayot shaharchasi joylashgan. G‘arbdan Chirchiq daryosi oqib o‘tadi, sharqda temir yo‘l (to‘xtash joyi 22 km), shimolda esa Toshloq va Yunuchqal’a shaharchalari joylashgan.

Islom Karimov nomidagi mavjud xalqaro aeroport va yangi havo bandargohi orasidagi masofa 15 km.dan ortiqni tashkil etadi.

aeroport, prezident, toshkent aeroporti, toshkent shahri, toshkent viloyati

yangi Toshkent xalqaro aeroportining joylashuvi. Foto: Spot / Google Earth orqali

Loyihani amalga oshirish uchun Vision Invest (Saudiya Arabistoni), Sojitz (Yaponiya) hamda Incheon (Janubiy Koreya) kompaniyalari konsorsiumi tanlab olingan. Bu kompaniyalar to‘rt bosqichdan iborat loyihaning birinchi bosqichida $2,5 mlrd investitsiya yo‘naltiradi.

Davlat rahbari yangi aeroport loyihasi qurilishini boshlashga bag‘ishlangan marosimda ushbu mablag‘lar hisobiga zamonaviy texnologiyalar asosida yiliga 20 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatuvchi terminal barpo etilishini ta’kidladi.

Keyingi bosqichlarda $1,8 mln sarmoya kiritilib, havo bandargohining yo‘lovchi o‘tkazish qobiliyati yiliga 46 mlnga yetkaziladi.

Foto: O‘zbekiston 24

Shuningdek, prezident Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) yangi aeroport qurilishi loyihasini moliyalashtirishga tayyorligini bildirganini ma’lum qildi.

Bo‘lajak aeroport atrofidagi yerlarda mehmonxona va turar joy majmualari, logistika va servis obyektlarini barpo etish ko‘zda tutilmoqda. Mega loyiha natijasida 200 ming aholi bandligi ta’minlanadi.

“Eng asosiysi, yangi aeroport iqtisodiy jihatdan ham davlat uchun jozibador bo‘lib, bu loyiha mamlakatimizga $27 mlrddan ortiq daromad keltiradi. Bu yiliga — $770 mln”, — dedi davlat rahbari.

Foto: O‘zbekiston 24

O‘zbekiston 24 lavhasida qayd etilishicha, yangi xalqaro aeroportning asosiy ustunliklaridan biri — unda faqat qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalaniladi. U dunyodagi to‘liq “yashil” aeroportlardan biriga aylanadi.

Yangi aeroportni qurish orqali multimodal transport bog‘lamasi tashkil etiladi. Ushbu hudud Toshkent-Samarqand, Toshkent-Andijon, Toshkent-Bo‘stonliq pulli avtomobil yo‘llariga ulanadi. Bu yerda yangi temir yo‘l stansiyasi qurilib, tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Poytaxt va Yangi Toshkent markazlari shattl transport xizmatlari orqali bog‘lanadi.

Toshkentning yangi aeroporti

Joriy yilning avgust oyi boshida Shavkat Mirziyoyevga transport sohasidagi yirik loyihalar bo‘yicha axborot berilib, unda Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishi rejalashtirilayotgani, hozirda xususiy sheriklik bo‘yicha xorijiy kompaniyalar takliflari ko‘rib chiqilayotgani ma’lum qilindi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov yangi aeroport mavjud havo bandargohidan 17 km uzoqlikda, poytaxtdan janubda qurilishini ma’lum qildi. Manzil logistika va transport infratuzilmasiga, jumladan, Toshkent va Samarqandni bog‘lovchi M-39 avtomagistraliga yaqinligidan kelib chiqib tanlangan. Bundan tashqari, poytaxtning yangi aeroporti bo‘lajak Toshkent-Samarqand pulli yo‘li yo‘nalishida joylashadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026−2028 yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyasiga ko‘ra, 2026-yil Toshkent, Buxoro va Urganch shaharlarida yangi xalqaro aeroportlar qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga kirishish ko‘zda tutilgan.