Tesla Yaponiya bozori uchun ishlab chiqarilgan ikki mingga yaqin o‘ng boshqaruvli Model Y elektromobillarini ixtiyoriy ravishda qaytarib olishini e’lon qildi.
Bunga sabab haydovchi oynasini ko‘tarish tizimidagi qisilib qolishdan himoyalovchi qurilmaning noto‘g‘ri ishlashidir.
Yaponiyaning o‘zida hech qanday noxush hodisa qayd etilmagan bo‘lsa-da, avtomobil ishlab chiqaruvchisi ehtiyotkorlik chorasini ko‘rib, muammoni masofadan turib bartaraf etishga qaror qildi.
Teslaning Yaponiya ofisi ma’lumotlariga ko‘ra, nuqson kuzovning o‘ng tomoniga o‘rnatilgan boshqaruv moduli bilan bog‘liq.
Sinov paytida bu qism tegishli tekshiruvdan o‘tmagan, shu sababli to‘siqqa duch kelganda oynani to‘xtatishga mo‘ljallangan tizim noto‘g‘ri ishlashi mumkin. Eng yomon holatda, bu jarohatlanishga olib kelishi mumkin — masalan, oyna yopilayotganda barmoq tirqishga tushib qolsa.
2025-yil 10-apreldan 14-iyulgacha ishlab chiqarilgan jami 1962 ta avtomobil qaytarib olinadi. Ular orasida ZAA-YL3YT indeksiga ega 1108 nusxa va ZAA-YL1YT indeksiga ega 854 nusxa mavjud. Barcha mashinalar Model Y’ning Yaponiya sharoitiga moslashtirilgan o‘ng rulli versiyalari hisoblanadi.
Tesla yana o‘zining asosiy afzalligini — dasturiy ta’minotni “havoda” yangilash imkoniyatini qo‘llamoqda. Avtomobil egalari servis markazlariga borish zaruratidan xalos bo‘ladilar: yangilanish avtomobil ekranida paydo bo‘lgach, uni qabul qilishning o‘zi yetarli.
OTA (over-the-air) paketi oyna ko‘targichlarning ishlash algoritmidagi xatoni bartaraf etib, qisilib qolishdan himoyalash tizimining normal ishlashini qayta tiklaydi.
Avvalroq Spot Tesla Model 3 va Model Y elektromobillarining “arzon” versiyalarini chiqargani haqida yozgandi.
Kichraytirilgan akkumulyatorli va bir qator opsiyalarsiz avtomobillar mos ravishda $37 ming va $40 mingdan taklif etiladi.