Avvalroq prezident kosmik monitoring orqali yangi iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlash yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishgabi haqida xabar berilgandi.

Kosmik maʼlumotlarni sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilib, daraxtlar kesilishi, metan gaz sizib chiqishi, quyosh panellarining samaradorligi, yo‘l qoplamasining holati, temir yo‘l va elektr tarmoqlaridagi nosozliklar va ortiqcha yuklamalarni aniqlash ishlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (O‘zbekkosmos) direktori Shuhrat Qodirov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida yangi farmon bilan agentlik yiliga kamida uch marotaba kosmik monitoringni amalga oshirishi belgilanayotganini ma’lum qildi. Bu geologiya, kadastr hamda ekologiya sohalarini qamrab oladi.

Bundan tashqari, barcha sohalarda aerokosmik ma’lumotlardan foydalanish, hududlarda mutaxassislarni geoaxborot texnologiyalariga o‘qitish, shuningdek, aholi va tadbirkorlarga kosmik texnologiyalar asosida yer va suv resurslari bo‘yicha tushuntirishlar berish vazifasi topshirildi.

“Prezident aerokosmik texnologiyalar va sun’iy intellektdan [foydalanish bo‘yicha] yangi yo‘nalishni belgilab berdi. Masalan, quyosh panellarini o‘rnatish hamda ulardan samarador foydalanish borasida monitoring qilish bor. Elektr energiyasini uzatish borasida esa xorijiy tajriba asosida tarmoqdagi simlarning uzilishi, osilib qolishi, zanglashi yoki loyihalashtirishda ularni qo‘llash belgilanmoqda”, — dedi agentlik direktori.

kosmik monitoring, kosmos, monitoring, o‘zbekkosmos, prezident, shuhrat qodirov, temir yo‘l

Foto: O‘zbekiston 24

Shuhrat Qodirov Transport vazirligi hamda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda avtomobil yo‘llarini qurish hamda ta’mirlash, shuningdek, yo‘l qoplamalarining nuqsonlarini aniqlashda aerokosmik monitoring orqali tahlil qilish mumkinligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, dron hamda LiDAR optik kameralari orqali temir yo‘llarning holatini kuzatish, jumladan, rels hamda shpalalarning cho‘kishi, shikastlanishi hamda geometriyasini nazorat qilish belgilanmoqda.

Qodirov kosmik sohada ta’lim ekotizimini yaratish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobot berilganini qayd etdi. Prezident kosmik sohani maktabdan oliy ta’lim muassasasigacha dars jarayonlariga tatbiq etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Avvalroq O‘zbekistonda noqonuniy uy-joy qurilishini aniqlashda kosmik monitoring tizimi yaratilishi haqida xabar berilgandi. Kosmik maʼlumotlarni sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilib, daraxtlar kesilishi, metan gaz sizib chiqishini aniqlash ishlari tashkil etiladi.