Anglesey Food kuzatuv kengashi raisi Zafar Hoshimov birinchi marta Korzinka’ning IPOga chiqishini ma’lum qildi. Bu haqda u Bloomberg’ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Hozirda Korzinka asoschisi IPO imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Biroq tadbirkor buni aynan qachon amalga oshirish mumkinligini aniq bilmasligini ta’kidladi.
“O‘zbekistondagi xatarlarni boshqarish mumkin, — dedi u, — mamlakatda ro‘y bergan o‘zgarishlar esa ortga qaytmasdek ko‘rinadi”, — deya xulosa qildi Hoshimov (Bloomberg'dan iqtibos).
Spot Korzinka matbuot xizmatidan izoh so‘radi. Kompaniya “rivojlanishning turli variantlari"ni ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi, shuning uchun IPO bo‘yicha aniq izoh berishga hali erta ekanligini bildirdi.
Joriy haftada Shavkat Mirziyoyev Yangi avlod maxsus sanoat zonasi hududidagi Anglesey Food kompaniyasining mahsulotlarni saqlash va taqsimlash markazini borib ko‘rdi.
Korzinka uchun mahsulotlarni saqlash, saralash va qadoqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi markaz 10 gektar maydonni egallaydi, shundan 49 ming kvadrat metrida ombor joylashgan. Qurilish materiallari va muzlatkich kameralar uchun jihozlar Xitoy, Turkiya, Belarus va Rossiyadan keltirilgan.
Loyiha Markaziy Osiyodagi “A” sinfiga kiruvchi eng yirik taqsimot markazi hisoblanadi. Bir vaqtning o‘zida 145 ta darvozada tekislovchi moslamalar yuklash hamda yukni tushirish imkoniga ega. Markazda 4 xil haroratli hudud mavjud.
Iyul oyida Korzinka uchinchi chorakda yangi tarqatish markazini ochishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi. 2024-yil yakunlariga ko‘ra, majmuani qurish uchun taxminan 291,2 mlrd so‘m sarflandi. Korzinka matbuot xizmatining Spot’ga aniqlik kiritishicha, butun loyiha qiymati $50 mlnni tashkil etgan.
Yangi markaz quvvati 500 ga yaqin supermarketni ta’minlashga yetadi. Kelgusi yillarda riteyler umumiy lokatsiyalar sonini 1 mingtaga yetkazishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq, Spot Rud Pedersen Korzinka bosh direktori lavozimidan ketayotgani haqida yozgandi.