Yangi Toshkent xalqaro aeroportiga metropoliten liniyasini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni loyiha bilan tanishish davomida ma’lum qildi, deya xabar berildi O‘zbekiston 24 telekanalining “Menimcha” ko‘rsatuvida.

Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlaridagi 1 300 gektar maydonda quriladigan yangi havo bandargohi Niderlandiyaning Naco Consulting kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan.

Ko‘rsatuvda yangi aeroport ko‘lami 16 ta Tashkent City yoki 1580 ta fudbol stadioni yoki Uchtepa tumanining teng yarmiga teng bo‘lishi ta’kidlandi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi aeroport qurilishi va havo parkini 105 tadan 180 tagacha oshirish O‘zbekiston iqtisodiyotiga yiliga $770 mln daromad keltiradi.

“Tanlagan joyimiz xavfsizlik, uchish va qo‘nish nuqtai nazaridan eng mo‘tadil joy. Bu Toshkent va Toshkent viloyati o‘rtasidagi chorraha — ko‘pi bilan 25 daqiqada yetib borish mumkin, oraliq — 24 km. Lekin, shattl qo‘yamiz, xudo xohlasa, metro qo‘yamiz. Hammasini hamohang, biz kutganimiz kabi amalga oshiramiz”, — dedi prezident.

Mirziyoyev o‘z nutqida kelgusi besh yilda qo‘shimcha 75 ta yangi samolyot sotib olish rejalarini ma’lum qildi. Shu bilan birga, 2030-yilga borib yo‘nalishlar sonini 230 taga, ichki va xalqaro reyslar hajmini esa yiliga 200 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.

aeroport, metro, prezident, toshkent aeroporti, qurilish

Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni Toshkent viloyatidagi yangi xalqaro aeroport loyihasining qurilishiga rasman start berdi va bo‘lajak havo bandargohiga tamal toshi qo‘ydi.

DXSh loyihasining xususiy hamkorlari sifatida Vision Invest (Saudiya Arabistoni), Sojitz (Yaponiya) va Incheon (Janubiy Koreya) tanlangan. Ularning xalqaro konsorsiumdagi ulushlar quyidagicha: Vision Invest — 45%, Sojitz Corporation — 30%, Incheon International Airport Corporation — 15% va Uzbekistan Airports — 10%.

Foydalanishga topshirilgandan so‘ng, aeroport yiliga 20 mln yo‘lovchi va 129 ming tonna yuk tashish, soatiga 30 tagacha uchish va qo‘nishni amalga oshirish va bir vaqtning o‘zida 62 ta samolyotni joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Yangi majmua Toshkent-Samarqand, Toshkent-Andijon va Toshkent-Bo‘stonliq pulli avtomobil yo‘llari bilan bog‘lanadi. Bu yerda tezyurar poyezdlar uchun temir yo‘l stansiyasi quriladi va Toshkent va Yangi Toshkent o‘rtasida shattllar ishga tushiriladi.

Avvalroq Spot Toshkentning yangi xalqaro aeroportini 2029-yilda ochish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.