Xitoyning BYD avtomobil ishlab chiqaruvchisi o‘z tarixidagi eng yirik chaqirib olishni e’lon qildi. Bu haqda Xitoy Bozorni tartibga solish davlat boshqarmasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2015-yildan 2022-yilgacha ishlab chiqarilgan 115 mingdan ortiq Tang va Yuan Pro seriyali avtomobillarni qaytarib oladi.
2015−2017 yillarda ishlab chiqarilgan BYD Tang avtomobillarining bir qismida elektr dvigatelni boshqaruvchi elektron blokda xato aniqlandi.
Ayrim hollarda kontroller batareya zaryadini noto‘g‘ri tushirishi mumkin bo‘lib, buning natijasida boshqaruv platasi haddan tashqari qizib ketib, avtomobil elektr energiyasida yurish qobiliyatini yo‘qotardi.
Xavfni bartaraf etish maqsadida BYD dasturiy ta’minotni yangilashni rejalashtirmoqda. Yangi tizimda batareya zaryadi elektr motorning o‘zi orqali tushiriladi, bu esa xavfsizroq usul hisoblanadi.
2021-yildan 2022-yilgacha ishlab chiqarilgan Yuan Pro modellarida yig‘ish jarayonida batareya bloki zichlagichi doimo to‘g‘ri o‘rnatilmaganligi aniqlandi. Bu sababli germetiklik darajasi pasayishi mumkin edi.
Agar uzoq vaqt davomida suvda yuqori tezlikda harakatlanilsa, batareya ichiga namlik kirib qolishi mumkin, bu esa quvvatning pasayishiga va elektr jihozlarining ishdan chiqishiga olib keladi.
Bunday barcha avtomobillarda ishlab chiqaruvchi batareya korpusini maxsus germetik bilan mustahkamlaydi va suv o‘tkazmaslik xususiyatini qayta tiklaydi.
Avvalroq Spot BYD Xitoyda avtomobil ishlab chiqarishni qisqartirayotgani haqida yozgandi.
Kompaniya avtomobil savdosining sekinlashishi va bozorda ortiqcha transport vositalari mavjudligi sababli shunday qarorga kelgan.