Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashgani haqida xabar berilgandi. Tadbirda ACWA Power, Al Muhaidib Group, Vision Invest, Data Volt, Riyadh Cables, AlMajdiah, InterHealth, Saudi Tabreed, AlBawani Holding, Miahona, Pemco va boshqa yetakchi kompaniya va korporatsiyalari ishtirok etdi.
Muloqotda Yangi Toshkent hududida Ar-Riyod mavzesi barpo etilishi ma’lum qilindi. Bu haqda O‘zbekiston 24 telekanalining “Menimcha” ko‘rsatuvida so‘z boradi.
Saudiya Arabistonining Al Majdiah va First Avenue kompaniyasi direktorlari kengashi raisi Abdulsalom Al-Majid mamlakatda O‘zbekistonga investitsiya kiritish istagidagi ishbilarmonlar soni ortib borayotganini qayd etdi.
“Biz ham barqarorlik hukm surgan O‘zbekistonga yaxshi niyatlar bilan investitsiya ajratishga qaror qildik. Jumladan, Yangi Toshkent hududida o‘zbekistonlik hamkorlar bilan Ar-Riyod mavzesini barpo etmoqchimiz. Bu borada ishonchingizni oqlaymiz”, — dedi u.
Prezident ushbu mavze ikki xalqni birlashtirish uchun ko‘prik vazifasini bajarishini qayd etdi.
Joriy yilning iyun oyida Yangi Toshkent hududida Sankt-Peterburg mahallasi qurilishi ma’lum qilindi. Tomonlar ishlab chiqilgan konsepsiya bo‘yicha loyihani takomillashtirmoqdalar. Mahalla qurilishini 2026-yilda boshlash rejalashtirilgan.
Shahar qurilishiga 2023-yilda tamal toshi qo‘yilgan. Bunyodkorlik uchun Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan 19,7 ming gektar yer ajratilgan. Loyiha konsepsiyasi Buyuk Britaniyaning Cross Works kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.
Birinchi bosqichda 6 ming gektar maydonda inshootlar qurilib, 600 ming aholi uchun sharoitlar yaratiladi. Loyiha to‘liq yakunlanganida 2 mln nafar odam yashaydigan makonga aylanadi.
Hududga 60 dan ortiq davlat idoralari uchun ma’muriy binolar barpo etiladi. Bugungi kunda o‘ndan ortiq vazirlik va idoralar shu yerdagi vaqtincha tashkil etilgan obyektlarda faoliyat boshlagan.
Avvalroq Vision Invest va Air Products Toshkentning yangi aeroporti uchun aviayoqilg‘i ishlab chiqarishi haqida xabar berilgandi. Saudiya Arabistonining Pemco kompaniyasi yil oxirigacha Samarqandda 200 MVt quvvatga ega issiqlik elektr stansiyasi qurilishini boshlaydi.