O‘zbekistonda yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlari uchun jarimalar joriy etish taklif qilinmoqda. Bu bo‘yicha Toshkent shahar hokimligi taklif bilan chiqdi.

Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni Toshkentning Shota Rustaveli ko‘chasida tashkil etilgan BRT avtobus yo‘lagini borib ko‘rdi. Poytaxtning boshqa ko‘chalarida ham shu kabi alohida avtobus yo‘laklarini tashkil etish, Toshkentga kirishdagi beshta joyda avtovokzallar va avtoturargohlar qurish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

Shota Rustaveli ko‘chasi misolida avtoturargohlarda to‘lovsiz to‘xtash yoki tartibsiz joylashtirish holatlari, shuningdek, jarima maydonlarining yetishmasligi bilan bog‘liq muammolar ko‘rsatilgan.

Yechim sifatida pulli avtoturargohlarda to‘lovlarni amalga oshirmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikni joriy etish va jarima maydonlarini tashkil etish taklif qilinmoqda.

avtoturargoh, prezident, pulli parkovka, toshkent shahar hokimligi, toshkent shahri

IIV YHXX matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshev Spot so‘roviga javoban, hozirda qonunchilikda yo‘l chetidagi pulli to‘xtash joylariga haq to‘lamaganlik uchun javobgarlik mavjud emasligini ma’lum qildi. Jarima faqat to‘xtashni taqiqlovchi belgi o‘rnatilgan joylarda to‘xtaganlik uchun yoki Yo‘l harakati qoidalarining 91-bandida nazarda tutilgan boshqa hollarda tayinlanadi.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining Spot’ga ma’lum qilishicha, pulli to‘xtash joylari YHQ amal qiladigan avtomobil yo‘llarining qatnov qismida tashkil etilgan. Ularga rioya qilmaslik turli oqibatlarga, jumladan ma’muriy javobgarlikka olib kelishi mumkin.

Yaqinda Toshkent shahridagi yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar narxi haydovchilar orasida noroziliklarni keltirib chiqarayotgani ma’lum bo‘ldi. Avtoturargohlar bo‘lishiga qaramay, avtomobil egalari mashinalarini belgilanmagan joylarga qo‘yishni afzal ko‘rmoqda. Ularning aksariyati narxlarni yuqori hisoblaydi.

Avgust oyida bloger Kirill Altman pulli avtoturargohlar operatori Poytaxt Parking maslahatchisi Sergey Marinichevga tayanib, to‘lovni amalga oshirmaganlik uchun jarima BHMning 2 baravari (824 ming so‘m) miqdorida belgilanishi rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.

Joriy yilning 8-may kuni Toshkentning Amir Temur xiyoboni, Mirobod, Shahrisabz, Istiqbol va Zarafshon kabi 6 ta sinov ko‘chasida yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar loyihasi ishga tushirildi. Ikkinchi bosqichda, 30-iyungacha poytaxtning yana 30 ta ko‘chasida pulli avtoturargohlar joriy etilishi, iyul oyi oxirigacha esa 13 208 ta to‘xtash joyiga mo‘ljallangan nuqtalar 86 ta ko‘chada ishga tushishi belgilangandi.

Undan keyin to‘lovlar uchun Poytaxt Parking mobil ilovasi ishga tushirildi. O‘zbek, rus va ingliz tillari mavjud bo‘lgan ilovada to‘xtash sessiyasining davomiyligini tanlash mumkin, shundan kelib chiqib narx shakllanadi. Toshkent beshta tarif zonasiga bo‘lingan bo‘lib, pulli “parkovka” narxi ushbu hududlar asosida soatiga 5 mingdan 12 ming so‘mgacha o‘zgaradi.

Avvalroq Spot Toshkentga kirishdagi beshta joyda avtovokzal va avtoturargohlar qurilishi, tig‘iz vaqtlarda yuk mashinalari harakati cheklanishi haqida yozgandi.