Toshkent Respublika fond birjasining sobiq raisi Georgiy Paresishvili Kapitalbank kuzatuv kengashi tarkibiga kirdi. Bu Korporativ axborot yagona portalidan ma’lum bo‘ldi.
16-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan aksiyadorlarning navbatdan tashqari yig‘ilishida Paresishvili Georgiy Otarovichni 3 yil muddatga “Kapitalbank” kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi etib saylash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Kapitalbank korporativ konsultanti Igor Pak Georgiy Paresishvili nomzodini belgilangan tartibda Markaziy bank bilan kelishishi kerak.
U regulyator bilan kelishilgandan so‘ng bank kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi lavozimida ish boshlaydi.
Bank kuzatuv kengashi raisi Maqsud Abdusamadovga yangi mustaqil a’zo bilan shartnoma tuzish topshirildi.
Bundan tashqari, Paresishvili bankning affillangan shaxslari ro‘yxatiga qo‘shildi. Uning yashash manzili sifatida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani ko‘rsatilgan.
Sentabr oyida Georgiy Paresishvili Toshkent fond birjasi boshqaruvi raisi lavozimini tark etdi. Bunga uch yillik mehnat shartnomasi muddati tugagani sabab qilib ko‘rsatilgan.
Kuzatuv kengashi qarori bilan Tashov Fayzulla Muratovich fond birjasi boshqaruvi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.
2022-yil avgust oyida Toshkent RFB kuzatuv kengashi yangi rahbar nomzodi bo‘yicha qaror qabul qildi. U Gruziya fond birjasining ko‘p yillik rahbari — Georgiy Paresishvili bo‘ldi.
2024-yil yanvar oyida Georgiy Paresishvili Spot’ga bergan intervyusida mahalliy kapital bozoridagi muammolar va kelajakda zarur bo‘lgan o‘zgarishlar haqida gapirdi.
Avvalroq Spot Kamila Mahmudova Avstriyaning Raiffeisen Bank moliyaviy direktori etib tayinlangani haqida yozgandi.
U 2007-yildan buyon RBIda faoliyat yuritib keladi. Yangi lavozimdagi faoliyatini 2026-yildan davom ettiradi.