Avvalroq davlat rahbari Toshkentning Shota Rustaveli ko‘chasida tashkil etilgan BRT avtobus yo‘lagini borib ko‘rgani haqida xabar berilgandi.
Davlat rahbariga poytaxt va unga tutash hududlardan keladigan yuk avtomobillari uchun avtoturargohlar qurish loyihasi taqdim etildi. Bu haqda O‘zbekiston 24 telekanalining “Menimcha” ko‘rsatuvida ma’lum qilindi.
Avtoturargohlarni “Erkin”, “Sharq”, “Bektemir”, “Uch qahramon” hamda “A.Turbanov” yo‘l-patrul xizmati maskanlari yaqinida qurish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, bu yerda avtovokzal va kemping ham joylashadi.
Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov prezidentga loyiha bo‘yicha taqdimot qilib, poytaxtda yuk mashinalari harakati tig‘iz vaqtlarda cheklanishini ma’lum qildi.
“Tig‘iz paytlarda Toshkentda yuk avtomobillarning [harakatini] cheklashga ruxsat bergansiz. Bu cheklovni ertalab kiritamiz. Avtobuslardan tashqari, yuk avtomobillari uchun kemping qurmoqchimiz. Masalan, Samarqanddan yuki bilan chiqqan avtobus, soat 8:00 gacha shaharga yetib kelsa, shu yerda [kempingda] to‘xtab turadi va uch soat kutib, ruxsat berilgandan keyin shaharga kiradi. Shunda tig‘iz vaqtlarda — ertalab va kechqurun harakatni bemalol cheklaymiz. Qolgan paytlarda esa yuk avtomobillari harakatlanishi mumkin bo‘ladi”, — dedi u.
Taqdimotga ko‘ra, avtoturargohlar uchun YPX hududidan 4,25 gektar, 7,7 gektar, 8 gektar, 10 va 12 gektar yer uchastkalari ajratilishi mumkin.
16-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyevga poytaxtni kompleks rivojlantirish, sanoat va transport infratuzilmasini yaxshilash yuzasidan axborot berilgandi. Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Haydarov davlat rahbari Toshkentga kirish-chiqish postlarini ko‘chirish bo‘yicha takliflarni ma’qullaganini bildirdi.
Undan keyin poytaxt hokimi Shavkat Umurzakov Toshkentdan tashqarida — shaharga yaqin joylarda avtovokzallar, kempinglar, yengil va yuk avtomobillari turargohlarini tashkil etish uchun mablag‘ ajratilishini belgilab berganini ma’lum qildi. Loyihalashtirish ishlarini joriy yilda, qurilishni esa 2026-yil boshida boshlash rejalashtirilgan.
Avvalroq Toshkentda 24 km yangi gastronomik ko‘chalarni tashkil etishga 1 trln so‘m ajratilishi haqida xabar berilgandi. Poytaxt hokimi aholi bu tajribani ijobiy qabul qilayotgani, loyiha natijasida yana 30 mingga yaqin ish o‘rni yaratilishini ma’lum qildi.