Uzum raqamli ekotizimi London birjasini (LSE) aksiyalarning birlamchi ommaviy joylashtirilishi (IPO) uchun mumkin bo‘lgan maydon sifatida ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Reuters kompaniya hammuassisi hamda strategiya va biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Nikolay Seleznyovga tayanib xabar bermoqda.

Nikolay Seleznyov Uzum Londonni fond bozorida ro‘yxatga olinishi mumkin bo‘lgan joylar ro‘yxatiga kiritganini qayd etdi. Boshqa platformalar qatorida Amerikaning Nasdaq, Abu-Dabi va Gonkong birjalari bor.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda Xitoyning Tencent xoldingi (WeChat egasi) va VR Capital xalqaro investitsiya fondining investitsiyalaridan so‘ng Uzum Gonkongda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Seleznyov 2027-yilga mo‘ljallangan IPO‘ning maqsadli narxi haqida gapirishga hali erta ekanligini ta’kidladi.

“Agar biz London fond birjasiga chiqsak, biz albatta FTSE 100'ni ko‘rib chiqqan bo‘lardik”, — dedi u.

Uzum hammuassisi moliyalashtirishning so‘nggi raundida ekotizim Yaqin Sharq va Buyuk Britaniya investorlarining qiziqishini uyg‘otganini ta’kidladi.

Kompaniya IPO O‘zbekistondan tashqarida o‘tkazilishini “likvidlik va investorlarning mavjud bazasi mulohazalari” bilan izohladi, bu esa aksiyalarni baholashga bevosita ta’sir qiladi. Shu bilan birga, Seleznyov investorlar bilan suhbatda gap faqat Uzum haqida emas, balki butun O‘zbekiston salohiyati haqida borayotganini aytdi.

“Men haddan tashqari tez geografik kengayishga qarshiman. Biz nafaqat bu yerda [O‘zbekistonda], balki mamlakat tashqarisida ham muvaffaqiyatli bo‘lgan tizimni yaratishga qodir ekanligimizni potensial hamkorlarga ko‘rsatish uchun ichki bozorda yetakchi o‘rinni egallashni istaymiz”, — deya izoh berdi u.

Uzum IPOsi

Mart oyida Uzum Alkes brokeri ishtirokida “Toshkent” Respublika fond birjasida 300 mlrd so‘mlik ilk obligatsiyalarini chiqardi. Garovsiz obligatsiyalar chiqarish institutsional investorlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, eng yirik paketni xususiy bank sotib oldi.

Iyun oyida Uzum kompaniyalar guruhi hammuassisi va rahbari Jasur Jumayev o‘rta muddatli istiqbolda likvidlikni oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar o‘tkazish rejalari haqida ma’lum qildi. Ular turli shakllarda o‘tkazilishi mumkin — IPOdan tashqari, bu strategik hamkorlik yoki mintaqada faoliyat yuritayotgan boshqa yirik kompaniyalar bilan global alyans tuzish bo‘lishi mumkin.

“Likvidlik sohasidagi tadbirlarni alohida oladigan bo‘lsak, o‘ylaymanki, yaqin 2−3 yil ichida bunday tadbirlarni ko‘rishingiz mumkin. IPO o‘tkazishdan xursand bo‘lardim, bu mening orzum”, — deya qo‘shimcha qildi Jumayev.

Avgust oyida Uzum Xitoyning Tencent xoldingi (WeChat egasi) va VR Capital xalqaro investitsiya fondidan $70 mln sarmoya jalb qildi. Tencent uchun bu O‘zbekistondagi kompaniyaga birinchi texnologik sarmoyadir. Uzum ekotizimining yakuniy bahosi mablag‘ jalb qilingandan so‘ng taxminan $1,5 mlrdni tashkil etdi.

Mablag‘lar fintex infratuzilmasini rivojlantirish, mahsulotlar qatorini kengaytirish, raqamli e-commerce yechimlarini rivojlantirish hamda Uzum’ning onlayn savdo va fintex bozoridagi mavqeini mustahkamlashga yo‘naltiriladi.

Uzum 2026-yilning birinchi yarmida $300 mlnlik yevrobondlarning debyut emissiyasi bilan xalqaro qarz bozoriga chiqishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq Spot Zafar Hoshimov birinchi marta Korzinka’ning IPOga chiqishi mumkinligini ma’lum qilgani haqida yozgandi.