UzAuto Motors Telegram-kanallarda tarqalgan kompaniyaning Navoiy viloyatidagi omborida olingan video bo‘yicha munosabat bildirdi.

Ushbu videoda Tracker va Onix avtomobillari sotilmay, yig‘ilib qolayotgani, shuning uchun ular foizsiz bo‘lib to‘lashga berilayotgani aytilgan.

Kompaniya hozirda har kuni o‘rtacha 400 ta Onix va 440 ta Tracker avtomobillari sotilayotganini qayd etdi.

Videodagi ombor esa avtomobillarni mijozlarga topshirish muddatlarini qisqartirish maqsadida logistika xabi sifatida tashkil etilgan.

Unda Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy va Surxondaryodagi mijozlarga avtomobillarni 1−2 kun ichida yetkazib berish uchun zarur miqdordagi mashinalar saqlanadi.

UzAuto Motors mijozlardan ishonchli ma’lumotlarni kompaniyaning faqat rasmiy manbalaridan olishni tavsiya qildi.

Kompaniya yangi Chevrolet Cobalt modifikatsiyalarini ommaviy ishlab chiqarishni boshladi. Yangi versiyalarda kruiz-nazorat tizimi, old o‘rindiqlar isitgichi va Android Auto/Apple CarPlay qo‘llab-quvvatlovchi sensor multimedia kabi 50 dan ortiq yangi komponentlar mavjud.

Cobalt Style MCM narxi 156,1 mln so‘m, Cobalt Midnight MCM esa 165,2 mln so‘mni tashkil etadi. Sotuvlar 3-noyabrdan boshlanadi.

Bundan tashqari, UzAuto Motors Xorazm Avto korxonasining ishlab chiqarish quvvatlarida Damas Move va Damas Max modellarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Yangi model joriy Damas versiyasi bilan bir vaqtda ishlab chiqariladi.

Avvalroq Spot Toshkentga kirishdagi beshta joyda avtovokzal va avtoturargohlar qurilishi, tig‘iz vaqtlarda yuk mashinalari harakati cheklanishi haqida yozgandi.