AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) “Rossiyaning tinchlik jarayoniga jiddiy qiziqishi yo‘qligi” sababli qo‘shimcha sanksiyalar kiritmoqda, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

“Bugungi sanksiyalar Rossiyaning ikki yirik neft kompaniyasiga: Rosneft va Lukoyl’ga qarshi yo‘naltirilgan”, deya ta’kidlanadi xabarda.

Boshqarmaning qo‘shimcha qilishicha, AQSh Moliya vazirligi, zarurat tug‘ilganda, mojaroni “prezident Trampning to‘xtatish bo‘yicha urinishlarini qo‘llab-quvvatlash” uchun qo‘shimcha choralar ko‘rishga tayyorligini bildirgan.

Shuningdek, vazirlik “ittifoqdosh davlatlarni qo‘shilishga” va “ushbu sanksiyalarga rioya qilishga” da’vat etgan.

Moliya vazirligining aniqlik kiritishicha, Lukoyl va Rosneftning Rossiyada joylashgan sho‘ba korxonalari ham cheklovlar ostida qoladi.

“Rossiya iqtisodiyotining energetika sektoridagi faoliyati yoki ishtiroki uchun sanksiyalar ostida qolmoqda”, — deya aniqlik kiritdi idora.

Vazirlik ro‘yxatida 34 ta sho‘ba korxona mavjud. Yangi cheklovlar Rosneftning 28 ta va Lukoylning 6 ta sho‘ba korxonasiga nisbatan qo‘llaniladi.

Lukoyl va Rosneftga qarshi 15-oktabr kuni Buyuk Britaniya ham sanksiyalar kiritgandi. Choralar aktivlarni muzlatish, shuningdek, trast xizmatlari va transportga nisbatan sanksiyalarni o‘z ichiga oladi.

Hujjatda aytilishicha, bu “Rossiya hukumati uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan sohada, ya’ni energetika sohasida biznes yuritish” bilan bog‘liq. Bungacha kompaniyalar sektor sanksiyalari ostida edi.


Avvalroq Spot Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyodagi ikkita bankka sanksiya joriy qilishi mumkinligi haqida yozgandi.