Markaziy Osiyo davlatlarining ikkita banki Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 19-paketiga kirishi mumkin. Bu haqda Rossiyaning bir qator OAVlari (TACC, RIA Novosti, Kommersant) Reuters agentligiga tayanib xabar berdi, u o‘z navbatida yevropalik diplomatlardan iqtibos keltiradi (Spot Reuters materialining asl manbasini topmadi).

Qayd etilishicha, Yevropa komissiyasi 12-sentabrgacha navbatdagi sanksiyalar paketini taklif qilmoqchi.

Bloomberg nashrining yozishicha, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltitaga yaqin banki va energetika kompaniyalariga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Yangi sanksiyalar paketi Rossiyaning to‘lov va kredit tizimlari, kriptobirjalariga ham ta’sir qilishi mumkin. Bundan tashqari, Rossiya nefti savdosiga qo‘shimcha cheklovlar joriy etish muhokama qilinmoqda.

Manbalarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi yangi 19-paket doirasida Qozog‘istonga qarshi birinchi marta ikkilamchi sanksiyalar joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

“Bu blok savdo ma’lumotlariga ko‘ra, qurol ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan Rossiyaga hamon katta hajmda yetkazib berilayotgan ma’lum bir uskunalar to‘plamini mamlakatga import qilishni taqiqlashga olib keladi”, — deya xabar berdi Bloomberg.

Biroq, agentlikning ta’kidlashicha, sanksiyalar paketi loyihasi o‘zgarishi mumkin, chunki u yaqin vaqt ichida Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar bilan muhokama qilinishi kerak.

Aprel oyidagi “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” sammitida tomonlar Yevropa Ittifoqining yuqori ustuvorlikdagi ro‘yxatidagi sezgir tovarlarning qayta eksport qilinishini oldini olish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar. Qo‘shma deklaratsiyada sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashish ikki tomonlama munosabatlarning “muhim jihati” sifatida ta’kidlandi.

May oyida Yevropa Ittifoqi Rossiyaga sanksiya ostidagi tovarlarni bir qator uchinchi mamlakatlar orqali yetkazib berishni cheklashga erishgani ma’lum qilindi.

Xususan, Armaniston, Hindiston, Serbiya va O‘zbekiston kabi davlatlar orqali harbiy va ikki maqsadli tovarlar eksportini to‘xtatishda “muayyan yutuqlarga” erishildi. Biroq Turkiya, BAA va Qozog‘iston bilan hamkorlikda qiyinchiliklar saqlanib qolmoqda.


Avvaroq Spot Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 18-sanksiyalar paketini tasdiqlagani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, Rossiyaning 22 ta bankiga qarshi sanksiyalar kiritilib, dengiz orqali tashishda Rossiya nefti narxining yuqori chegarasi $47,6gacha pasaytirilmoqda.