UzAuto Motors avtomobil shartnomalarini QR-kod orqali tekshirish tizimini joriy etdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.
Avtomobil ishlab chiqaruvchisi raqamlashtirish jarayonlari kengaytirilib, iste’molchilarga qulay va xavfsiz xizmat ko‘rsatish hamda qalbaki shartnomalarga aldanib qolishning oldini olish maqsadida ushbu tizim ishlab chiqilganini qayd etdi.
Endilikda mijozlarga avtomobil xarid shartnomalari maxsus QR-kod bilan taqdim etiladi.
Bunda rasmiy diler tomonidan tuzilgan shartnomada QR-kod mavjud bo‘ladi. Uni skanerlaganda chiqadigan ma’lumotlar shartnomadagi ma’lumotlarga to‘liq mos kelishi lozim. Shundagina shartnoma haqiqiy hisoblanadi va diler tomonidan berilgan deb e’tirof etiladi.
Mijozlar QR-kod orqali avtomobil shartnomasiga oid barcha ma’lumotlarni jumladan, xaridor ism sharifi, shartnoma raqami va narxi, to‘lov tafsilotlari, diler nomi va manzili, avtomobil haqidagi ma’lumotlarni olishi mumkin. Shu bilan birga, tizim shartnoma holatini onlayn tarzda tekshirish imkonini beradi.
Joriy yilning iyun oyida UzAuto Motors Chevrolet brendi avtomobillarini onlayn xarid qilish imkonini beruvchi UzAutoSavdo platformasining yangilangan versiyasini ishga tushirdi. Dilerlik markaziga faqat avtomobilni qabul qilib olish uchun borish kerak bo‘ladi. Kompaniya UzAutoSavdo‘da test-drayvga yozilish funksiyasini ishga tushiradi.
Kompaniya yangi Chevrolet Cobalt modifikatsiyalarini ommaviy ishlab chiqarishni boshladi. Yangi versiyalarda kruiz-nazorat tizimi, old o‘rindiqlar isitgichi va Android Auto/Apple CarPlay qo‘llab-quvvatlovchi sensor multimedia kabi 50 dan ortiq yangi komponentlar mavjud.
Cobalt Style MCM narxi 156,1 mln so‘m, Cobalt Midnight MCM esa 165,2 mln so‘mni tashkil etadi. Sotuvlar 3-noyabrdan boshlanadi.
Bundan tashqari, UzAuto Motors Xorazm Avto korxonasining ishlab chiqarish quvvatlarida Damas Move va Damas Max modellarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Yangi model joriy Damas versiyasi bilan bir vaqtda ishlab chiqariladi.
Avvalroq Spot UzAuto Motors Navoiydagi ombor videosiga izoh bergani haqida yozgandi. Avtomobil ishlab chiqaruvchisi ombor avtomobillarni qisqa muddatda yetkazib berish uchun logistika xabi sifatida tashkil etilganini bildirdi.