Markaziy bank O‘zbekiston bank sektorida raqobatni yaxshilashni rejalashtirmoqda. Bu haqda 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida regulyator boshqaruvi raisi Timur Ishmetov maʼlum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Uning taʼkidlashicha, Markaziy bank mamlakatdagi banklar sonini maʼlum bir darajaga yetkazishni maqsad qilmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bozor ishtirokchilari sonini ko‘paytirish emas, balki raqobat sifatini yaxshilash ustuvor vazifa hisoblanadi.

“Hatto mavjud banklar soni bilan ham, ochig‘ini aytganda, yetarli darajada raqobatni ko‘rmayapmiz. Deyarli barcha banklar bir xil siyosat olib bormoqda. Biroq biz bu sohada o‘zgarishlar bo‘lishiga umid qilamiz”, — dedi Ishmetov.

Buning uchun u asosan to‘lov operatsiyalari (paytech) bilan shug‘ullanadigan fintexni qo‘llab-quvvatlashni taklif etdi. Regulyator fintex kompaniyalariga ayrim bank xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berishni mo‘ljallamoqda.

Yana bir yo‘nalish — islomiy moliyani rivojlantirish. Timur Ishmetov islomiy banklarni anʼanaviy moliya muassasalarining o‘rnini bosuvchi emas, balki fuqarolar uchun qo‘shimcha imkoniyat sifatida baholadi.

“Men uchun banklar soni unchalik muhim emas. Asosiy vazifa — bozorda raqobat muhitini yaxshilash. Biz bu yo‘nalishda ish olib bormoqdamiz”, — deya xulosa qildi Markaziy bank rahbari.

So‘nggi 2,5 yil davomida O‘zbekistonda birorta ham yangi bank tashkil etilmadi. Oxirgisi 2023-yil may oyi boshida litsenziya olgan Yangi Bank edi. Yevrosiyo banki litsenziyasi bekor qilingandan so‘ng mamlakatdagi banklar soni 35 taga qisqardi. Spot bank bozorida yangi ishtirokchilarning yo‘qligi sabablari va buning iqtisodiyotga taʼsiri haqida iqtisodchilar bilan suhbatlashgandi.

Sentabr oyida Qonunchilik palatasi O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda maʼqulladi. Spot mutaxassislar bilan O‘zbekistonga islomiy banking nima uchun zarurligini, u bozorni qanday o‘zgartirishini va oddiy foydalanuvchilar uchun qanchalik foydali bo‘lishini muhokama qilgandi.

Avvalroq Markaziy bank yil yakuni bilan inflyatsiya 8% gacha pasayishini kutayotgani haqida xabar berilgandi.