Bryusseldagi Yevropa kengashi bosh qarorgohi — “Yevropa” binosida Shavkat Mirziyoyevning Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yil aprel oyida Samarqandda o‘tgan Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi birinchi sammiti erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ko‘p qirrali O‘zbekiston — Yevropa hamkorligini yana-da kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Yetakchilar Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanganini yuqori baholadi.
Hujjat O‘zbekiston bilan YI hamkorligining nafaqat huquqiy asoslarni kengaytirishi, balki yangi kun tartibini shakllantirishi ta‘kidlandi. Bitim birlashmaga a‘zo davlatlar bilan savdo, investitsiyalar, transport, energetika, iqlim, yuqori texnologiyalar va madaniy-gumanitar hamkorlik aloqalarini yaxshilaydi.
Tomonlar O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a‘zoligi bo‘yicha YI bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlanganini ham olqishladi.
Tashrif arafasida O‘zbekiston delegatsiyasi Yevropa Ittifoqining “Global darvoza” ikkinchi forumida ishtirok etdi. Kuni kecha esa Hamkorlik kengashi hamda Iqtisodiyot, savdo va investitsiyalar bo‘yicha kichik qo‘mita yig‘ilishlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.



Kecha yirik qo‘shma biznes forumi o‘tkazilgan bo‘lsa, bugun Yevropaning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Natijada energetika, kimyo, muhim minerallar, logistika, to‘qimachilik va farmatsevtika tarmoqlarida umumiy qiymati 10 mlrd yevrodan ziyod yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishildi.
Bu Yevropa kompaniyalari ishtirokidagi umumiy qiymati 40 mlrd yevrodan ziyod bo‘lgan hozirgi loyihalar portfeliga salmoqli qo‘shimcha hisoblanishi aytildi.
Sheriklikning yuqori sur‘atini saqlab qolish uchun hamkorlikning institutsional mexanizmlarini yana-da mustahkamlash, investitsiyalar, muhim minerallar, energetika, transport, fan va ta‘lim sohalarida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta‘kidlandi.
Ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni mustahkamlash uchun viza tartibotlarini soddalashtirish muhimligi qayd etildi.
Yetakchilar xalqaro kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdi. Uchrashuv yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilindi.
Spot, avvalroq, Shavkat Mirziyoyev Yevropa kompaniyalari bilan hamkorlikning yangi bosqichini muhokama qilgani haqida yozgandi.



