Chegara punktlarida import telefonlarni onlayn deklaratsiya qilish mumkin bo‘ladi

Bojxona qo‘mitasi yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini onlayn to‘ldirish imkonini beruvchi Yo‘lovchi deklaratsiyasi mobil ilovasini ishga tushirdi.

Unga pasport ma’lumotlarini kiritib, deklaratsiyaning asosiy bandlarini avtomatik to‘ldirish mumkin. Yo‘lovchi esa asosan kirib kelayotgan/chiqib ketayotgan davlatiga hamda valyuta qimmatliklari va boshqa tovarlarga doir ma’lumotlarni kiritadi.

Mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyada qo‘lda yozish o‘rniga ilova orqali skanerlab, 15 raqamli IMEI kodlarni avtomatik to‘ldirish mumkin, uning mavjudligini esa alohida ta’kidlash kerak.

Ilovadan foydalanish uchun bepul Wi-Fi zonalari tashkil etiladi. Qo‘shimcha tarzda chegara bojxona postlariga Infokiosklar o‘rnatish va ular orqali YBD yuborish imkoni yaratiladi.

Yo‘lovchi deklaratsiyasi ilovasini iOS qurilmalari uchun App Store‘dan, Android uchun esa Play Market‘dan yuklab olish mumkin.

Ilova dastlab Toshkent xalqaro aeroportida sinov rejimida ishga tushirdi. 1-noyabrdan barcha chegara o‘tkazish punktlarida to‘liq joriy etiladi.


30 turdagi hujjatning elektron shakli qog‘oz shakliga tenglashtiriladi

Endi Yagona portalda jismoniy shaxslarning belgilangan shaxsga doir maʼlumotlari ularning shaxsiy kabineti orqali real vaqt rejimida taqdim etiladi.

Bu maʼlumotlar ularning qog‘oz shakliga tenglashtiriladi hamda MyGov mobil ilovasi orqali ko‘rsatilganda, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ularning qog‘oz shaklini talab qilish taqiqlanadi.

Batafsil ro‘yxat quyidagi jadvalda keltirilgan:

Ma’lumot nomi
Ma’lumotlarni taqdim etish uchun mas’ul vakolatli organ
  • Narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligi
  • Ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi
  • Davlat tibbiyot muassasasida hisobda turganligi


Sog‘liqni saqlash vazirligi
  • Sudlanmaganlik (yoki sudlanganlik) to‘g‘risida
  • Biometrik pasport (ID karta)
  • Haydovchilik guvohnomasi
  • Doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi
  • O‘zbekiston fuqaroligiga mansubligi to‘g‘risida
  • Nomida mavjud bo‘lgan avtotransport vositalari
  • Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR)
  • Xorijga chiqish biometrik pasporti





Ichki ishlar vazirligi
  • Talaba o‘qish joyidan ma’lumot (oliy ta’lim muassasasidan)
  • Ta’lim to‘g‘risidagi ma’lumotlar (o‘rta maxsus, kasb-hunar, professional va oliy ta’lim)

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi
  • Shahodatnoma ma’lumotlari
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi
  • Nomiga rasmiylashtirilgan litsenziya, ruxsatnoma va xabarnomalar
  • YTT to‘g‘risida

Adliya vazirligi
  • Ish staji va ish joyi to‘g‘risida ma’lumot
Bandlik vazirligi
  • Turar joyning maydoni
  • Nomidagi ko‘chmas mulk obyektlari

Kadastr agentligi
  • Kam ta’minlangan deb e’tirof etilganligi
  • Fuqaroning Temir daftar’ga kiritilgani

Ijtimoiy himoya milliy agentligi
  • Fuqaroning Yoshlar daftari’ga kiritilgani
Yoshlar ishlari agentligi
  • Soliq va yig‘imlardan soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi
  • Ish haqi to‘g‘risida
  • O‘zini o‘zi band qilganligi


Soliq qo‘mitasi
  • Fuqaroning Ayollar daftari’ga kiritilgani
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi
  • To‘langan pensiyalar (nafaqalar) miqdori
  • Pensiya va nafaqa oluvchilar ro‘yxatida mavjudligi haqida

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huduzirdagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi, IHMA
  • Ijro hujjati bo‘yicha qarzdorlik mavjud yoki mavjud emasligi
  • O‘zbekistondan chiqishga vaqtincha cheklov qo‘yilganligi
MIB

Avtomobilga gaz balloni o‘rnatishda texpasportni yangilash talabi bekor qilinadi

1-noyabrdan boshlab haydovchilar uchun gaz ballon o‘rnatish tartibi soddalashtiriladi.

Ballon o‘rnatilgandan so‘ng, avtomobil egasi avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasini (texpasport) almashtirishi shart emas. Qayta jihozlashga oid ma’lumotlar onlayn yuritiladi.

Bundan tashqari, fermer va dehqon xo‘jaligi hamda tadbirkorlarga suv taqsimlash bilan bog‘liq barcha ma‘muriy tartib-taomillar Suv hisobi yagona tizimi orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.


Talabalar ijara to‘lovlariga kompensatsiya olish uchun onlayn ariza berishlari mumkin

Davlat OTMlari talabalariga oylik ijara to‘lovining bir qismini qaytarish bo‘yicha Yagona portal orqali murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.

Hozirda ijara shartnomasi summasidan qat’i nazar talabalarga quyidagicha tartibda kompensatsiya beriladi:

  • Toshkent shahrida — BHMning bir baravari (412 ming so‘m);
  • qolgan hududlarda — BHMning yarim baravari (206 ming so‘m).

Pulli davlat xizmatlari mobil operatorlar va to‘lov xizmatlari ilovalarida ham ko‘rsatiladi

Mobil aloqa operatorlari, banklar, to‘lov tashkilotlariga mobil ilovalar orqali Yagona portaldagi pulli elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.

Joriy yilning iyul oyida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonda pullik davlat xizmatlari bank va to‘lov ilovalariga integratsiya qilinishini ma’lum qilgandi. Maqsad — barcha xizmatlarning kamida 70%i bitta platformada mavjudligini ta’minlash.


Tadbirkorlar moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi

Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tomonidan tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha instrumentlar joriy etiladi.

Biznesni “chempion” tadbirkor toifasiga olib chiqishga ko‘maklashish uchun ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalariga banklar orqali 10 mlrd so‘mgacha kreditlar ajratish uchun resurs joylashtiriladi.

Shuningdek, kichik tadbirkorlarning ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va “yashil” iqtisodiyot yo‘nalishidagi mikroloyihalariga 500 mln so‘mgacha ajratilgan kreditlar qayta moliyalashtiriladi. Kredit foizi 6% gacha, biroq Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkagacha kamaytiriladi.

Mablag‘lar kamida 1 yil faoliyat yuritgan va 2 nafar xodimi bo‘lgan tadbirkorlarning 5 ta va undan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratishni nazarda tutgan loyihalariga taqdim etiladi.


Tashkilotlar ish o‘rinlarining 3%ini ijtimoiy himoyaga muhtojlar uchun zaxiralaydi

Prezidentning mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan farmoni bilan tizimning asosiy yo‘nalish va maqsadlari belgilandi.

Hujjat bilan 1-noyabrdan xo‘jalik yurituvchilar quyidagi shaxslar uchun ish o‘rinlarining majburiy zaxiralarini shakllantiradi:

  • nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar;
  • Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari;
  • muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar;
  • ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan shaxslar.

Bunda majburiy zaxiralash xodimlar umumiy sonining 3%idan oshmasligi zarur. Bu xodimlari soni 100 nafardan ortiq bo‘lgan tashkilotlarga nisbatan qo‘llanadi.


Ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilinganlarga beriladi

Yangi tartibga ko‘ra:

  • so‘nggi 5 yilda kamida 18 oy ishlaganlar ish joyidan bo‘shagach, 6 oy ichida murojaat qilsa, ularga oxirgi 18 oylik o‘rtacha ish haqi asosida 3 oy davomida to‘lanadi;
  • 1-oyda — o‘rtacha oylik ish haqining 75%i, lekin MHTEKMning 3 baravaridan oshmagan miqdorda;
  • 2- va 3- oylarda — o‘rtacha oylik ish haqining 50%i, lekin bu ham MHTEKMning 3 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lanadi.

Ishsizlik nafaqasini qayta tayinlashda oldingi nafaqa muddati tugagandan so‘ng kamida 12 oylik ish staji talab etiladi.


Startap loyihalar Raqamli hukumat tizimidan bepul foydalanishlari mumkin

Raqamli startaplar dasturi va Markaziy bankning “tartibga solish qumdoni"da ishtirok etuvchi loyihalarga Raqamli hukumat tizimidan bir yil bepul foydalanish imkoniyati taqdim etiladi.

Bunda tizimning Raqamli ma‘lumotlar platformasidan axborot xavfsizligi talablari va belgilangan tartibga rioya qilish lozim.

Shuningdek, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar O‘zbekiston konsulliklari orqali IT Park rezidentlari mutaxassislariga masofadan turib bank hisobvaraqlari va onlayn bank kartalarini ochishga ruxsat beriladi.


Kasb o‘rganmoqchi bo‘lganlarga vaucher asosida qarz beriladi

Malakasini oshirish va kasbga qayta tayyorlanish istagidagi shaxslarga qo‘shimcha ta’lim olish uchun “kasb vaucheri” beriladi.

Bunda vaucherlar ssuda sifatida taqdim etiladi, u o‘qish tugagandan keyin sertifikat olingach hamda ishga joylashgandan so‘ng 2 yil davomida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga qaytariladi.

Quyidagi shaxslarga kasb-hunar kurslarida ta’lim olish davrida mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 1 baravari miqdorida stipendiya to‘lanadi:

  • nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
  • 3 oydan ortiq davom etadigan kurslarda ta’lim olayotgan Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalar a’zolariga;
  • doimiy yashash joyidan boshqa hududga qatnab ta’lim olayotgan shaxslarga.

Bunda ishsizlik nafaqasi to‘lanishi davrida o‘quvchilarga stipendiya tayinlanmaydi.


Ijro organlarining shtat birliklari soni maqbullashtiriladi

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining maqbullashtiriladigan boshqaruv shtat birliklari soni tasdiqlandi.

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari:

  • sohaga oid bo‘lmagan vazifalarning qisqartirilishi va faoliyatiga raqamli texnologiyalarning joriy etilishini;
  • ma’lumotlarni qayta ishlash hamda sun’iy intellektga asoslangan loyihalarni ishga tushirish uchun texnik infratuzilma yaratish, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida mazkur yo‘nalishdagi ustuvor loyihalar amalga oshirilishini;
  • sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha aholining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, kadrlar salohiyati rivojlantirilishini ta’minlab boradi.

Shaxsiy nomulkiy huquqlarni buzganlar javobgarchilikka tortiladi

Qonunchilikda muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzganlik uchun javobgarchilik belgilanadi.

Bu asar, ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutug‘i va integral mikrosxema topologiyasiga nisbatan mualliflikni o‘zlashtirib olish, hammualliflikka majburlash, shuningdek, ushbu intellektual mulk obyektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ular rasman e’lon qilinguniga qadar muallifning roziligisiz oshkor etganlikka nisbatan tatbiq etiladi.

BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha (20,6 mln — 30,9 mln so‘m) miqdorda jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanishi belgilanmoqda. Yangi tartib 10-noyabrdan kuchga kiradi.


Korporativ etika bo‘yicha komissiya tashkil etiladi

Prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi tarkibida Korporativ etika bo‘yicha komissiya tashkil etiladi.

Quyidagilar komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilanadi, jumladan:

  • yuridik shaxslarga, xususan, xo‘jalik jamiyatlariga korporativ etika masalalari bo‘yicha tavsiyalar berib borish;
  • korporativ etikani buzishga oid nizolarni hal etish yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatib borish.

O‘rmon fondi yer maydonlari alohida muhofaza qilinadi

1-noyabrdan boshlab o‘rmon fondi yer maydonlari alohida muhofaza etiladi va ularning toifasini o‘zgartirish prezidentining qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.


Keksalarga poyezd va aviaqatnovlarga chegirma beriladi

O‘zbekiston temir yo‘llari turizm oyligi doirasida keksa yoshdagi fuqarolar uchun chegirma e’lon qildi. Undan 55 yoshdan yuqori ayollar hamda 60 yoshdan yuqori erkaklar mamlakat bo‘ylab sayohatlar uchun foydalanishlari mumkin.

Bunda, 2−8-oktabr va 1−30-noyabr kunlari barcha mahalliy yo‘nalishdagi poyezdlar uchun temir yo‘l chiptalarining tarif qismidan 20% chegirma beriladi. Chegirma yuqori tezlikda harakatlanuvchi Afrosiyob elektropoyezdlariga amal qilmaydi.

Chiptalarni eticket.railway.uz onlayn platformasi orqali elektron tarzda hamda barcha chiptaxonalardan sotib olish mumkin.

Uzbekistan Airways ham keksa yoshdagilar uchun 15% gacha chegirma e’lon qildi. Undan 1-noyabrdan 30-noyabrgacha mahalliy reyslar uchun foydalanish mumkin.