2026-yil 1-yanvardan moped va skuterlarni boshqarish uchun A1 kichik toifasi joriy etiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi, deya xabar berdi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati.

Ushbu toifani olish istagida bo‘lganlar haydovchilarni tayyorlash bo‘yicha majburiy o‘quv dasturini o‘tamasdan turib, mustaqil ravishda tayyorlanib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazariy va amaliy imtihonlarni topshirishlari mumkin.

“A”, “B”, “C”, “D” toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslar A1 kichik toifasidagi avtotransport vositalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqarishlari mumkin bo‘ladi.

A1 kichik toifasidagi transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomalarini olish uchun nazariy imtihonda 20 ta elektron test savollaridan boshqa toifalardan farqli ravishda 18 ta emas, kamida 16 tasiga to‘g‘ri javob bergan haydovchilikka nomzodlar nazariy imtihonni topshirgan deb hisoblanadi va amaliy imtihonga qo‘yiladi.

2026-yil 1-fevraldan boshlab “A” va “B” toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqini olish uchun fuqarolar o‘quv dasturining nazariy qismini mustaqil o‘zlashtirishlari mumkin bo‘ladi.

Faqatgina majburiy o‘quv dasturida belgilangan amaliy mashg‘ulotlarni to‘liq o‘tashlari lozim. Ushbu maʼlumotlar elektron tarzda shakllantiriladi.

1-oktabrdan O‘zbekistonda moped va skuterlarni haydovchilik guvohnomasi hamda davlat raqamisiz boshqarish cheklandi. Ushbu transport vositalari ro‘yxatdan o‘tkazilgan, haydovchilar esa “A” toifali haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi kerak.

Xalq demokratik partiyasi ushbu muddatni keyingi yilga qoldirish, haydovchilik guvohnomasi va davlat raqamini olish uchun muddatlar va to‘lovlar miqdorini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi. Qayd etilishicha, hozirda velosiped, moped va skuterlar orqali xizmat ko‘rsatuvchi kuryerlar soni qariyb 130 mingni tashkil etadi.