27-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev huzurida bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishda joriy yilda iqtisodiyotda kutilayotgan natijalar va 2026-yil uchun mo‘ljallangan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar muhokama qilindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida iqtisodiyot prognozdan ancha yuqori sur‘atda — 7,6% ga o‘sdi. Sanoat hajmi 6,8%, qurilish — 14,2%, xizmatlar — 14%, qishloq xo‘jaligi — 4,1% ga oshdi.

Oltin-valyuta zaxiralari o‘tgan yilga nisbatan 35% ga ko‘payib, $55 mrdga yetdi. Fitch Ratings ilk bor mamlakat suveren reytingini bir pog‘onaga oshirgan bo‘lsa, Moody‘s va S&P Global o‘z kutilmasini “barqaror"dan “ijobiy"ga o‘zgartirdi.

Aholi daromadlari 18,4% ga, omonatlar 35,3% ga, o‘rtacha ish haqi esa 19,2% ga o‘sdi. So‘rovlar aholi va biznes o‘rtasida ishonch muhiti kuchayganini, yangi ish o‘rinlari va daromad manbalari kengayayotganini ko‘rsatmoqda.

Prezident yuqori o‘sish sur‘atlarini yil yakunigacha saqlab qolib, yalpi ichki mahsulot hajmini $135 mlrddan oshirish iqtisodiy kompleksning asosiy vazifasi bo‘lishini qayd etdi.

Tanqidiy o‘tgan yig‘ilishda kelgusi yil uchun asosiy rejalar ko‘rib chiqildi. Mutasaddilar bu bo‘yicha axborot berdi.

Kelgusi yilda mamlakatda o‘sish sur‘atini 6,6% darajasida ta‘minlab, YIM hajmini $150 mlrddan oshirish, iqtisodiyotga barcha manbalardan kamida 400 trln so‘m yo‘naltirish, inflyatsiyani 7% dan ortiq bo‘lmagan darajada saqlash prognoz qilinmoqda.

Prezident bu rejalarga erishish uchun barcha imkoniyat va sharoit mavjudligini ta‘kidlab, har bir vazirlik, tarmoq va hudud rahbarlari jiddiy e‘tibor qaratishi zarur bo‘lgan muhim masalalarni ko‘rsatib o‘tdi.

2026-yilgi budjet loyihasida asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoldirilmoqda. Budjet daromadlarini izchillik bilan oshirib borish, xarajatlar qismining samarali sarflanishi ustidan qat‘iy nazorat o‘rnatish shartligi qayd etildi.

Davlat rahbari kelgusi yilda xarajatlarni keskin qisqartirish va samaradorlikni oshirish barcha darajadagi rahbarlar uchun asosiy mezon bo‘lishini ta‘kidladi.

Strategik tarmoqlarda tannarxni kamaytirish, raqobatbardoshlikni oshirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi. Shu bilan birga, samarasiz imtiyoz va subsidiyalarni bekor qilish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish hamda mahalliy budjet daromadlarini oshirish choralari belgilandi.

Xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari ishtirokidagi loyihalarni tezlashtirish, bundan buyon mavjud loyihalarni oxiriga yetkazibgina yangi loyihalarga resurs jalb qilish tizimiga o‘tish zarurligi qayd etildi.

Vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamg‘armalarida to‘plangan qoldiqning yarmini alohida jamg‘armaga o‘tkazish va bu mablag‘larni maktablar qurilishiga va tibbiyotga yo‘naltirish topshirildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalardan kelib chiqib, 2026-yilgi davlat budjeti loyihasining asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2028-yilgacha qanday rivojlanishi haqida yozgandi.