O‘zbekiston tashqi qarz darajasi barqaror darajada. Bu haqda 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov maʼlum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Ishmetov mamlakatda tashqi qarz jalb qilish qonun-qoidalari bir necha yil avval shakllangani, bugungi kunda bu bo‘yicha ko‘rsatkich barqaror darajada saqlanayotganini qayd etdi.
Unga ko‘ra, tashqi qarzga mutlaq raqam sifatida emas, balki yalpi ichki mahsulotga (YIM) nisbatan qarash zarur. Xususan, 2020-yilda davlat tashqi qarzi $21,4 mlrdni yoki YIMning 32% ini tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu raqam $39 mlrdga yetgan, biroq uning YIMdagi ulushi 29% gacha kamaygan.
“Davlat tashqari qarzi mutlaq raqamda oshmoqda, lekin iqtisodiyot bundan tezroq o‘smoqda. Oxirgi besh yilda nisbiy ko‘rsatkich 32% dan 29% gacha pasaydi, shu bois tashqi qarz barqarorligi bo‘yicha xatarlar yo‘q”, — dedi Markaziy bank raisi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tashqi qarzni mutlaq raqamlarda jalb qilish budjet taqchiligiga bog‘liq bo‘lib, daromadlar xarajatlardan kam bo‘lganida qarz olinadi. Ishmetov budjet taqchiligi muhim makroiqtisodiy ko‘rsatkich hisoblanishini aytdi.
Joriy yil yakuni bilan konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi YIMning 3%i darajasida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-yilda ham ko‘rsatkichni shu darajada saqlashni ta’minlaydi.
“Budjet taqchilligini barqaror saqlash qarz hajmini oshirmaslikka yordam beradi. Oxirgi yillarda shakllangan qonun-qoidalar mavjud va biz hech qanday muammoni ko‘rmayapmiz”, — dedi Timur Ishmetov.
Uning aytishicha, budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun qarz jalb qilish tabiiy holat. Hozirgi sharoitda budjet taqchilligini 3% darajasida saqlab qolish tashqi qarz bo‘yicha hech qanday muammoni yuzaga keltirmaydi.
Bundan tashqari, investitsion faollikni oshirish maqsadida kompaniyalar tashqaridan qarz jalb qilishni oshirganini qayd etdi. Ayrim korxonalar to‘g‘ridan to‘g‘ri bank kreditlarini jalb qilsa, boshqalari yevrobondlar chiqarmoqda. Ishmetov buni ijobiy ko‘rsatkich sifatida baholab, to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar hajmi ham oshayotganini qo‘shimcha qildi. Joriy yilning to‘qqiz oyida ularning hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 55% ga ko‘paygan.
So‘m mustahkamlanishi tashqi qarzga xizmat qilish xarajatlarini qisqardi: davlat tashqi qarzi bo‘yicha 1,3 trln so‘m, korporativ qarz bo‘yicha esa 3,6 trln so‘mlik mablag‘lar tejalgan.
Birinchi yarim yil yakuniga ko‘ra, umumiy tashqi qarz hajmi $72,2 mlrdni tashkil etib, yil boshidan $8,1 mlrdga o‘sdi. Shundan davlat tashqi qarzi $36,8 mlrd (+$2,9 mlrd) hamda korporativ tashqi qarz hajmi $35,4 mlrdga (+$5,2 mlrd) teng bo‘ldi.
2025-yilda mamlakat nomidan jalb qilinadigan tashqi qarzning yillik miqdori $5,5 mlrd etib belgilangan. Shundan budjet taqchilligini moliyalashtirishga $3 mlrdi yo‘naltiriladi.
Spot, avvalroq, Markaziy bank yil yakuni bilan inflyatsiya 8% gacha pasayishini kutayotgani haqida yozgandi.
