Amazon kompaniyasi 30 mingtagacha ofis xodimlarini qisqartirishni boshlaydi, deya xabar berdi Reuters.

Bu pandemiya davridagi ortiqcha yollash va hozirgi xarajatlarni kamaytirish zarurati bilan izohlanmoqda.

Bu raqam Amazon’ning jami 1,55 mln xodimiga nisbatan kichik foizni tashkil etsa-da, kompaniyaning taxminan 350 ming xodimining deyarli 10%iga to‘g‘ri keladi.

Bu 2022-yil oxirida kompaniya 27 mingga yaqin lavozimni qisqartira boshlaganidan beri Amazondagi eng yirik ish o‘rinlari qisqarishi bo‘ladi.

So‘nggi ikki yil ichida Amazon ko‘plab bo‘limlarda, jumladan, qurilmalar, aloqa va podkast bo‘limlarida kichik ish o‘rinlarini qisqartirdi.

Ushbu haftada boshlanadigan qisqartirishlar bir qator bo‘linmalarga, jumladan, kadrlar bo‘limi (People Experience and Technology, PXT), operatsion bo‘lim, qurilmalar va xizmatlar bo‘limi, shuningdek, Amazon Web Services’ga ta’sir qilishi mumkin, deya xabar berdi manbalar.

Manbalarga ko‘ra, dushanba kuni qisqartirishga tushgan jamoalar rahbarlariga seshanba kuni ertalab elektron pochta orqali yuborilishi rejalashtirilgan xabarnomalardan so‘ng xodimlar bilan muloqot qilish bo‘yicha o‘quv kursidan o‘tishlari taklif etilgan.

Amazon’ning bosh direktori Endi Jassi ortiqcha byurokratiyani, jumladan menejerlar sonini qisqartirish orqali, kamaytirish tashabbusini amalga oshirmoqda.

U shu yil boshida samarasizlik haqidagi anonim shikoyatlarni qabul qilish tizimini joriy etgan bo‘lib, bu tizim allaqachon 1500 ga yaqin javob to‘plagan va jarayonlarga 450 dan ortiq o‘zgartirishlar kiritilishiga sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Amazon 2033-yilga borib robotlar hisobiga 600 mingga yaqin amerikalik ishchini yollashdan qochish imkonini beradigan avtomatlashtirishni joriy etish niyatida.

Amazon robototexnika jamoasi kompaniyaning barcha operatsiyalarining 75%ini avtomatlashtirish ustida ishlamoqda. Bu 2027-yilga borib AQShda 160 ming ish o‘rni qisqarishiga olib kelishi kutilmoqda.

Ushbu avtomatlashtirish sa’y-harakatlari kompaniyaga 2025−2027-yillar oralig‘ida $12,6 mlrd tejash imkonini berishi kutilmoqda.