Joriy yiling to‘qqiz oyida elektron xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar O‘zbekistonda qancha soliq to‘lagani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi 73 ta xorijiy kompaniyalar tomonidan 124,8 mlrd so‘m soliq to‘langan.
Ushbu ko‘rsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 44% o‘sgan. To‘langan soliqlarning 93%i elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi quyidagi 10 ta xorijiy kompaniyalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bularning ichida Meta yetakchi — 35,2 mlrd so‘m. Keyingi o‘rinda esa Apple — 35,1 mlrd so‘m. Kuchli uchlikdan Google joy olgan — 31,2 mlrd so‘m.
Shuningdek, OpenAI — 4,7 mlrd so‘m, Booking.com — 2,9 mlrd so‘m va O‘zbekistonda blokda turgan TikTok 2,6 mlrd so‘m soliq to‘lagan.
O‘z navbatida, Netflix 1,3 mlrd so‘m, Acca va Zoom 1,1 mld so‘m va Adobe 1 mlrd so‘m soliq to‘lagan.
2020-yilning mart oyidan O‘zbekistonda xizmatlar va tovarlarni sotuvchi xorijiy elektron tijorat kompaniyalarini soliqqa tortish tartibi kuchga kirgan. Ular jismoniy shaxslarga ko‘rsatilgan sotuvlar bo‘yicha QQS to‘lovchilari sifatida tan olinadi.
24-iyul kuni High Morale Developments Limited — Tencent Holdings kompaniyasining sho‘ba korxonasi — soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Bu kompaniya idora reyestridagi 72-chi xorijiy yuridik shaxs bo‘ldi.
Joriy yil boshidan buyon ro‘yxatni Alibaba Cloud, eBay, OpenAI, Bloomberg, Coursera, Canva, ivi.ru kabi 15 ta kompaniya to‘ldirdi.
Birinchi chorakda 68 ta xorijiy IT-kompaniya tomonidan to‘langan soliqlar miqdori 1,5 baravar o‘sib, 36,2 mlrd so‘mni tashkil etdi. Top-5 talikka birinchi marta OpenAI (1,09 mlrd so‘m) hamda O‘zbekistonda bloklangan TikTok (934,8 mln so‘m) kirdi.
