Raqobat qo‘mitasi avtomobillar chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi 60 dan ortiq korxonada o‘rganishlar o‘tkazdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mitaga joriy yil davomida 350 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Tekshiruvlar davomida avtomobil savdosida bir qator tizimli kamchiliklar borligi maʼlum bo‘ldi.
5 ta avtosalonda umuman servis markazi mavjud emasligi, jumladan Surxondaryodagi Roodell va Riteyl avtosalonlarida sotilayotgan KIA, Haval hamda Chery avtomobillariga xizmat ko‘rsatish joyi yo‘qligi aniqlangan.
“Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun ga muvofiq, ishlab chiqaruvchi tovarning kafolat muddati davomida foydalanish imkoniyatini yaratishi hamda unga texnik xizmat ko‘rsatishni taʼminlashi shart.
39 ta avtosalonda avtomobildan foydalanish bo‘yicha davlat tilidagi qo‘llanma mavjud emas. Damas, Cobalt, Onix, Tracker, Malibu, Equinox, Traverse, Tahoe markalaridagi avtomobillar qo‘llanmalari rus yoki ingliz tilida, Chery va Haval avtomobillarida esa faqat rus tilida berilayotgani qayd etildi.
Bundan tashqari, Roodell (KIA) va Adm-AsterADM (QK) korxonalarida ham texnik tavsiflar isteʼmolchilarga o‘zbek tilida taqdim etilmayotgani aniqlandi. Avtomobilning umumiy kafolat muddati bilan ayrim butlovchi qismlarining kafolat muddati o‘rtasida farq borligi bo‘yicha 13 ta holat kuzatilgan.
Masalan, Auto Region Plus tomonidan sotilayotgan BYD avtomobillari uchun 96 oy yoki 150 ming km kafolat berilgan bo‘lsa, starter batareyasiga — 12 oy yoki 20 ming km, ayrim ehtiyot qismlariga esa 48 oy yoki 120 ming km kafolat belgilangan.
Shu kabi holatlar UzAuto Motors ishlab chiqargan avtomobillarda ham kuzatilgan. Masalan, Cobalt avtomobiliga 36 oy yoki 100 ming km kafolat berilsa, dvigatel uchun bu muddat 24 oy yoki 50 ming km bilan cheklangan.
Qonunchilikka ko‘ra, butlovchi qismlarning kafolat muddati asosiy buyum kafolatidan kam bo‘lmasligi lozim. Biroq o‘rganishlar natijasida deyarli barcha avtomobillarda bu talab buzilgani maʼlum bo‘ldi.
Qo‘mita shuningdek, kafolat bekor bo‘lishiga sabab bo‘ladigan holatlar haqida ham eslatib o‘tdi. Agar avtomobil tavsiya etilgan servisdan tashqari joyda taʼmirlangan bo‘lsa yoki o‘z vaqtida olib kelinmasa, kafolat bekor bo‘ladi. Xavfsizlik qurilmasi, metan yoki propan tizimi kabi yangi uskunalar o‘rnatilganda ham ishlab chiqaruvchi bergan kafolat amaldan chiqadi.
Isteʼmolchilar fikriga ko‘ra, baʼzi hollarda hatto kafolat muddati tugamasdan, boshqa servisda xizmat ko‘rsatilgani uchun kafolat to‘xtatilgan. Lekinavtomobildan foydalanish qo‘llanmasidagi texnik xizmat qoidalariga amal qilingan.
Shu bilan birga, kafolatlar avtomobilning umumiy holatiga hamda ayrim qismlariga alohida berilishi kerakligi taʼkidlandi. Hozirgacha ishlab chiqarilgan avtomobillarning kafolat holatini aks ettiruvchi maʼlumotlar bazasi mavjud emas.
Qo‘mita aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilishini maʼlum qildi.
Avgust oyida Raqobat qo‘mitasi aralashuvidan keyin fuqaroga sotilgan “kraska"li Onix yangisiga almashtirib berilgandi.
Spot, avvalroq, Toshkentda avtomobillardagi noqonuniy reklamalarga qarshi reydlar o‘tkazilayotgani haqida yozgandi.
