Toshkent shahrida issiqlik ta‘minoti xizmatlari uchun yangilangan tariflar 12-noyabrdan kuchga kiradi. Bu haqda Veolia Energy Tashkent kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent shahri hokimi bilan, kompaniya tomonidan ko‘rsatiladigan markazlashgan issiqlik ta‘minoti xizmatlari uchun yangi tariflar tasdiqlangandi.
Kompaniya ushbu tariflar qonunchilik asosida hisoblab chiqilgani, 2025-yil 12-noyabrdan boshlab quyidagi tariflar (QQSsiz) belgilanganini eslatib o‘tdi:
- bazaviy tarif — 711 641 so‘m/Gkal;
- aholi uchun — 139 860 so‘m/Gkal;
- byudjet tashkilotlari uchun — 952 797 so‘m/Gkal;
- yuridik shaxslar uchun — 342 296 so‘m/Gkal.
Veolia Energy aholi xarajatlarining taxminan 80% i mahalliy budjet hisobidan subsidiyalanishini qayd etdi. Tariflar poytaxt hokimiyati tomonidan tizim mutaxassisi tomonidan taqdim etilgan iqtisodiy hisob-kitoblar va texnik ma‘lumotlar asosida tasdiqlangan.
Mablag‘lar issiqlik va issiq suv bilan ta‘minlash, shuningdek, poytaxt issiqlik ta‘minoti infratuzilmasini ta‘mirlash va yangilash ishlariga yo‘naltiriladi.
2025−2026-yillar isitish mavsumlariga tayyorgarlik doirasida 474 km tarmoqlar taʼmirlanib, 73,5 km yangilandi, 21 km issiqlik izolyatsiyasi tiklandi. 23 qozonxona va 13 nasos stansiyasi modernizatsiya qilindi, 669 klapan hamda 345 kompensator almashtirildi. Natijada issiqlik yo‘qotishlari 44% dan 33,4% gacha kamaydi.
Veolia Energy Tashkent bosqichma-bosqich yopiq issiqlik tizimiga o‘tmoqda. Bu issiq suv sifatini yaxshilash, energiya samaradorligini oshirish va poytaxtni barqaror hamda ishonchli issiqlik bilan taʼminlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflari oshirilishi
Issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflari oxirgi marta 2024-yil 15-noyabrda oshirilgan. Jismoniy shaxslar uchun narxlar 1 Gkal uchun 121,6 ming so‘mgacha (QQSsiz), yuridik shaxslar uchun — 1 Gkal uchun 244,49 ming so‘mgacha (QQSsiz) ko‘tarildi. Bu o‘tgan yili aprel oyidan keyin narxlarning ikkinchi ko‘tarilishi bo‘ldi.
O‘tgan yilning kuzida Veolia Energy Tashkent isitish tizimi operatori tariflarning oshishini issiqlik ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan energiya resurslarining qimmatlashishi bilan izohlagan edi. Kompaniyada qayd etilishicha, fuqarolar uchun yangi tarif bazaviy narxning 18%ini qoplaydi, qolgan qismi esa davlat tomonidan qoplanadi.
Iyul oyida Issiqlikta’minoti raisi Ilhom To‘rayev Toshkentda issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflari bir marta oshirilishini ma’lum qilgandi. Bu elektr energiyasi, tabiiy gaz va sovuq suv narxlarining oshishi bilan bog‘liq bo‘lib, issiqlik xizmatlarining tannarxini oshiradi.
Sevara Pardayeva 12-avgust kuni bo‘lib o‘tgan kengash yig‘ilishida tariflarni oshirish zarurligini 2030-yilgacha issiqlik ta’minoti sohasini subsidiyalashdan voz kechish rejalari bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xizmatlar narxini qoplash uchun tariflarni oshirish kerak, narxlarni hozirgi darajada qoldirish esa kelajakda ularning yanada keskin o‘sishiga olib keladi.
Shuningdek, Veolia Energy Tashkent biznes uchun issiqlik ta’minoti tariflarini bosqichma-bosqich budjet tashkilotlari darajasiga ko‘tarish rejalari haqida ma’lum qildi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, bu o‘zaro subsidiyalashni kamaytirish va narxlarni boshqa toifadagi iste’molchilar bilan tenglashtirish imkonini beradi.
Avvalroq Veolia Energy Tashkent shaxsiy kabinetida iste’molchilar uchun yangi funksiya joriy etilgani haqida xabar berilgandi.

